18:13 / 01.08.2015
3248

Samsung’ning kapitallashtirilishi Galaxy S6 yomon sotilayotgani tufayli 17 mlrd dollarga pastladi

31 iyul kuni Samsung’ning bozordagi kapitallashuvi 150,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Vaholanki, bir kun avval – 30 iyulda uning narxi 167,1 mlrd dollarni tashkil qilayotgan edi. Taqqoslash uchun: koreys kompaniyasining mahalliy raqobatchisi – LG Electronics’ning kapitallashuvi bor-yo‘g‘i 5,7 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Kompaniya aksiyalari narxining pasayishi smartfon sotish bo‘yicha eng yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lgan kompaniya beshinchi bor ketma-ket daromadlarning pasayishi qayd qilinayotgan choraklik hisobotni chop etgandan keyin yuz berdi.

Kompaniya o‘zining oxirgi moliyaviy hisobotida qurilmalar bozorining sustlashgani va mikrochiplarga talabning pasayganligidan ogohlantirgan edi. Apple’ning iPhone smartfonlari savdosi oshayotgan va xitoylik raqobatchilar tomonidan qattiq raqobat kuzatilayotgan bir paytda Samsung smartfonlarining dunyo bozoridagi ulushi 2015 yilning 2-choragida 3 foizga kamaygan.

Kompaniya, shuningdek, iPhone 6 va iPhone 6 Plus flagman modellaridan farqli o‘laroq kamroq talabgir bo‘lgan Galaxy S6 modeli savdo prognozlarida ham yanglishgan. Shu bilan birga kompaniya ancha talabgir bo‘lgan, displeyi yon tomonlarga tushib turadigan Galaxy S6 Edge smartfonlarini yetarlicha miqdorda ishlab chiqarmagani ham pand bergan.

Bloomberg agentligining ma'lum qilishicha, Samsung aksiyalari yil boshidan beri 11 foizga arzonlashib ketgan, bu esa global moliyaviy inqiroz paytidan beri kuzatilayotgan eng kuchli pasayish bo‘ldi. Kompaniyaning hisob raqamlarida 43 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ qolgan, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

Top