09:45 / 01.08.2015
3318

"Tolibon"ning yangi rahbari tashkilotda o‘zidan norozilar guruhi qarshiligiga to‘qnashishi mumkin

Afg‘on tolibonlariga mulla Axtar Muhammad Mansurning yangi yetakchi sifatida saylanishi tashkilot tarkibida o‘zaro kelishmovchiliklar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda 31 iyul kuni mahalliy OAV orqali xabar tarqalgan.

Tashkilotning asoschisi mulla Muhammad Umarning 2013 yildayoq o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgach, uning yaqin kishilaridan biri mulla Muhammad Hassan Rahmoniy RSA radiosiga bergan intervyusida yangi yetakchini jangarilarning ko‘pchilik qismi qo‘llab-quvvatlamayotgani haqida ma'lum qilgan.

Mulla Umarning o‘g‘li esa tashkilot rahbarligi uchun juda yosh hisoblanmoqda.

27 iyul kuni shu radio orqali Afg‘on milliy armiyasi shtabi boshlig‘i general Qadam Shoh Shohim Afg‘oniston harbiylari mamlakat shimolidagi "Tolibon" va boshqa jangarilarni yuzaga kelgan tarqoqlik tufayli osonlik bilan mahv etishi haqida fikr bildirgandi. General Afg‘oniston armiyasining askarlari yuqori darajadagi jangovor ruhda bo‘lib turgani, qo‘shinlar Faryob vohasidagi jangarilarni yo‘q qilishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Bu voqealar bilan bir vaqtda, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Afg‘oniston poytaxtida mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashgan va mintaqada terrorizm va narkotrafikka qarshi hamkorlikda kurashish bo‘yicha muhokama o‘tkazgan.

Top