16:07 / 03.08.2015
18994

Korzinka.uz nega Savatcha.uz emas? Korzinka.uz rahbari Facebook foydalanuvchilaridan xafa bo‘ldi

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Potrebitel.uz guruhida paydo bo‘lgan yangi tredlardan birida o‘zini Korzinka.uz supermarketlar tizimi muallifi deb tanishtirgan muallif guruh foydalanuvchilarining tizim haqidagi fikrlaridan norozi ekanligini bildirdi.
“Avval, o‘zimni tanishtiray. Men Zafar Hoshimov, shu supermarketlar tizimi rahbariman, – deb yozadi u. – Men bu korxonada uning birinchi kunidan beri ishlayman… Bizning korxonaning o‘zida ikki mingdan ziyod vatandoshlarimiz munosib ish joyiga ega bo‘lib, o‘zlari, oila, bola-chaqalarining rizqlarini topib yurishibdi”.

Zafar Hoshimov ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda supermarketlar tizimi haqida asossiz gaplar tarqatilganini va bundan noroziligini bildirdi: “Bir FB guruhida qiziq bir muzokaraga duch kelib qoldim. Unda bizning korxonani “yurtimiz o‘rislari ochgan” deb boshlangan sahifa e'tiborimni o‘ziga jalb etdi”.
Shuningdek, post muallifi Korzinka.uz nomining rus tilida ekanligiga e'tiroz bildirganlarga javob berdi.

“Korzinka.uz brendiga kelsak, biz bu brendni yaratishda oldimizga yuqori maqsad va intilishlarni qo‘yganmiz va shu niyatlarimiz sari harakat qilayapmiz. Bu niyatimiz ushbu brendni nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin va uzoq xorij mamlakatdarida ham taniqli brendga aylantirishdan iboratdir. Brendlarga xos bir xususiyat ularning universalligidadir. Yani, masalan, Coca Cola, Apple, Tesco brendlari har yangi mamlakatga borsa nomini o‘zgartirmaydi. Shuning bilan bir qatorda, biz bu brendni yaratishimiz negizida kelajakda kengayishimiz belgilangan mamlakatdarda ham bizning brend tushunarli va maqbul bo‘lishi zaruriyati yotgan edi”, – deyiladi xabarda.

“Vatanimizning, xalqimizning haqiqiy jonkuyarlari nega Korzinka.uz “savatcha” emas deb, mayda chuyda ta'na va ayblovlarni qo‘yish o‘rniga vatanimizda boshqa mamlakatdardan qolishmaydigan, orzu-havas va shijoatlari bilan xalqimiz ravnaqiga xizmat qilayotgan tizim barpo etilayotganidan xursand bo‘lishlari kerak, deb o‘ylayman va shunday kinoyalaridan vaqtlari ortsa, o‘zlari xam xalqimiz, davlatimiz kelajagi yo‘lida baholi qudrat o‘z ulushlarini qo‘shsalar ancha maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb ishonaman”, – xulosa qildi Hoshimov.

Top