15:18 / 03.08.2015
6590

O‘zbekistonlik pianinochi Yevropani zabt etmoqda

Shveytsariyaning fransuz tilidagi Le Temps nomli gazetasida "Behzod Abduraimov, olovli barmoqlar" sarlavhasi ostida maqola chop etildi.

"Jahon" AA xabariga ko‘ra, maqolada o‘zbekistonlik yosh pianinochining yevropaliklarni o‘z iste'dodi bilan hayratga solgani e'tirof etilgan.

"Bu yulduz ilk bor 2009 yilda Londonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovda porlagandi. Yevropada uni Yevgeniy Kisin va Denis Matsuyevning shogirdi sifatida bilishadi.
Behzod Abduraimov 1990 yilda Toshkentda, musiqachilar oilasida tug‘ilgan. Unda 5 yoshidayoq musiqaga qobiliyati namoyon bo‘la boshlagan. Avvaliga unga onasi ustozlik qilgan, keyin esa Behzodga Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida Tamara Popovich musiqa saboqlarini bera boshlagan", deyiladi maqolada.

Maqolada qayd etilishicha, ko‘p vaqt o‘tmasdan, Behzod Kanzas-Sitida Park universitetidagi Stanislav Yudenichning pianinochilar maktabida tahsilni davom ettirgan.

2009 yilda o‘tkazilgan Londondagi xalqaro tanlovda Behzod Paganini pesasi, Shopen va Bramsning variatsiyalari, Prokofevning oltinchi sonatasi, Tomas Adesning zamonaviy pesalari kabi murakkab asarlarni ijro etib, olqishlarga sazovor bo‘ladi.

Maqolada qayd etilishicha, bugungi kunda Behzod yiliga 60-65ta konsert beradi. U o‘z vaqtini Kanzas-Siti, Toshkent va London o‘rtasida taqsimlaydi. Ishining yuqori sur'ati tufayli yuzaga keladigan charchoqni esa yosh musiqachi sahnada chiqarib oladi.

Gazetada yozilishicha, yosh iste'dodni hali oldinda Myunxen filarmoniyasi va Leyptsig Gevandxausidagi chiqishlar kutmoqda.

Top