09:43 / 04.08.2015
4853

Andijonda “Samavto LE 60” rusumli yangi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi

Andijon shahrida Samarqandda ishlab chiqarilgan “Samavto LE 60” rusumli yangi avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsata boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi bayrami arafasida Andijon shahri aholisi va mehmonlariga transport xizmati ko‘rsatish darajasini yuksaltirish maqsadida “Andijontrans” avtokorxonasi, “Shahrixon yo‘lovchi trans”, “Avtokombinat”, “Javohirbek trans”, “Oq yo‘l trans servis” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan Samarqandda ishlab chiqarilgan “Samavto LE 60” rusumli yangi va zamonaviy avtobuslar olib kelinib, turli yo‘nalishlarda harakati yo‘lga qo‘yildi.

"Aholiga transport xizmati ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami va sifati tobora ortib bormoqda.  Ayni paytda har biri 56 nafar yo‘lovchini tashish imkoniga ega to‘qqizta yangi avtobus shahardagi “Aeroport-Uzumzor” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanmoqda. Joriy yil oxiriga qadar shaharda bu kabi avtobuslar soni 100 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan", – deydi “Andijontrans” avtokorxonasi rahbari Ibrohimjon Kalonov.

Yaratilayotgan bunday qulayliklar shahar ahlini behad mamnun etmoqda.

"Yangi, zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, ayniqsa, biz, keksalar uchun juda qulay bo‘ldi. Chiqib-tushish oson, ichi keng, qulay va o‘rindiqlari yumshoq. O‘zingizni xuddi yengil mashinada ketayotgandek his etasiz. Xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ezgu ishlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz", – deydi Andijon shahrida yashovchi mehnat faxriysi Muharram Xudoyberdiyeva.

Top