09:12 / 04.08.2015
3379

Brent neft markasining narxi 50 dollardan pasayib ketdi

Shimoliy dengiz Brent neft markasining narxi yanvar oyidan beri ilk marta bir barrel uchun 50 dollardan pasayib ketdi

3 avgust kechki payt holatiga ko‘ra, ICE London birjasida neftning sentabrda yetkazib berish fyuchers shartnomalari narxi bir barrel neft uchun 49,79 dollarni tashkil qildi.

Neft narxiga Xitoydan olinayotgan xabarlar ham ta'sir o‘tkazmoqda: 3 avgustda chop etilgan Xitoy ishlab chiqarish sektoridagi ishbilarmonlik faollik indeksi oxirgi ikki yil ichidagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.

Xitoy iqtisodiyotining sustlashishi neft bozori ishtirokchilari tomonidan salbiy yangilik sifatida qabul qilinmoqda, chunki Xitoy AQShdan keyin neft iste'mol qiluvchi ikkinchi raqamli davlat hisoblanadi. Xitoy iqtisodiyoti qanchalik kamroq neft ishlatsa, bozorda neftga talab shunchalik kam bo‘ladi.

Bundan tashqari, bozor ishtirokchilari Eronning sanksiyalar olingandan keyin bir necha kun ichida neft yetkazib berishni oshirishga tayyorligi haqidagi xabarlarga ham e'tibor qaratishmoqda. Eron hukumati 2 avgustda sanksiyalar olingandan keyin bir hafta ichida neft hajmini kuniga qo‘shimcha 0,5 mln barrelga, bir oydan keyin esa kuniga 1 mln barrelga yetkazishini ma'lum qilgan.

O‘tgan yili Eron bozorga kuniga o‘rtacha 1,4 mln barrel neft yetkazib bergan.

Top