07:57 / 04.08.2015
2714

Nursulton Nazarboyev: Qozog‘istonda umumiy tejamkorlik siyosatini kiritish lozim

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari B.Sagintayev, prezident ma'muriyati rahbari o‘rinbosari B.Mayliboyev, prezident yordamchisi N.O‘njanov va milliy iqtisodiyot vaziri Ye.Do‘sayev ishtirok etdi.

Tadbir davomida mamlakat iqtisodiyotining joriy holati va uni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari, Ostonada “EKSPO-2017” ko‘rgazmasini tashkil qilish va o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Qozoq xonligining 550 yilligi, Qozog‘iston Konstitutsiyasining 20 yilligini nishonlash va bir qator xalqaro darajadagi tadbirlarni o‘z ichiga olgan yubiley sanalarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Nazarboyev dunyo iqtisodiyotidagi beqarorlikning Qozog‘iston iqtisodiyotiga ko‘rsatayotgan salbiy ta'siriga yig‘ilish ishtirokchilarining e'tiborini qaratdi.

“Bozor kon'yunkturasi, mamlakat byudjyeti holatining yomonlashishi hamda asosiy eksport tovarlarga narxlarning pasayishi tufayli mamlakatda umumiy iqtisodiy tejamkorlik tartibini kiritish lozim. Bu chora-tadbirlarni keyingi yil byudjyetida ham ko‘zda tutish kerak. Biz barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, iqtisodiyotning o‘sish sur'atlarini pasaytirmasligimiz va fuqarolarning ijtimoiy ahvolining yomonlashishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Aholi oldidagi barcha ijtimoiy majburiyatlarni to‘laqonli bajarishimiz kerak. Biz bu murakkab davrlarni kechib o‘tishimiz lozim”, deb aytdi Nazarboyev.

Top