18:00 / 05.08.2015
4267

O‘zbekistonda xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish tizimi takomillashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining hukumat bilan hamkorlikdagi, Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining “Qonun va norma ijodkorligi, qonunchilik hujjatlarining ta'sirini baholash tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish” loyihasi ko‘magida milliy qonunchilikka xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish tizimini takomillashtirish ishlar boshlandi. Shu sabab, ishchi guruh tuzilib, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

- Amaldagi tashkiliy-huquqiy tizimlar tayyorgarligini, ratifikatsiyalar, tasdiqlovlar, implementatsiyalar, xalqaro shartnomalarni to‘xtatib turish va denonsatsiya (rad) qilish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish;

- Xorijiy ilg‘or tajriba asosida xalqaro shartnomalarni inventerizatsiya qilish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqish;

- Davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi xalqaro shartnomalarni to‘liq inventarizatsiyasini o‘tkazish;

- Xalqaro shartnomalarni sertifikatlash, xalqaro shartnomalar qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha protsessual mexanizmlarini ishlab chiqish;

- Xalqaro shartnomalar sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurligi haqida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

- Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari xodimlari uchun Xalqaro shartnomalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish va sertifikatlash, shunigdek  ularni amalga oshirilishi ustidan nazoratni yo‘lga qo‘yish usullari bo‘yicha qator o‘quv seminarlarini tashkil etish.

Mazkur ishchi guruh faoliyatining samaradorligini ta'minlash maqsadida, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatadi. Jumladan, xorijiy tajriba asosida tayyorlangan ilmiy tadqiqotlar va uslubiy materiallarni taqdim etish bilan bir qatorda, ishchi guruhga yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb qiladi.  

Shu kunlarda, BMTTDning “Qonun va norma ijodkorligi, qonunchilik hujjatlarining ta'sirini baholash tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida xalqaro huquq sohasi mutaxassisi, xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish va implementatsiya qilishda amaliy tajribaga ega bo‘lgan Avstraliyalik xalqaro ekspert Damiyen van der Turn O‘zbekistonga xizmat safari bilan tashrif buyurdi.

Damiyen van der Turn mehnat faoliyati davrida Avstraliyaning turli vazirlik va hukumat idoralarida, Bosh prokuratura, iqlim o‘zgarishi va energiya tejamkorligi vazirligi va boshqa tashkilotlarning xalqaro huquq bo‘limlarini boshqargan. Shuningdek, u Avstraliya hukumati delegatsiyasining BMTning “Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida”gi Hadli Konventsiyasiga qo‘shilishi jarayonida huquqiy konsultant vazifasini bajargan, Kioto Bayonnomasining ikkinchi bosqichiga qo‘shilish va mazkur bayonnomaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlagan.

Xalqaro ekspert sifatida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida, u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Tashqi ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Uchrashuvlardan ko‘zlangan maqsad xalqaro shartnomalar sohasida milliy qonunchilikni modernizatsiya qilish, xalqaro shartnomalar normalarini implementatsiya qilish va ularni amalda joriy qilinishini nazorat qilish, istiqbolda milliy qonunchiligimizni xalqaro me'yor va standartlarga moslashtirish masalalarini muhokama qilish, shuningdek idoralararo hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistondagi xalqaro shartnomalarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalarni muhokama qilishdan iboratdir.

Ekspertning safari davomida tayyorlagan tavsiyalari va uslubiy qo‘llanmalari xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruhga, xalqaro shartnomalar bilan ishlash jarayoniga jalb qilingan  vazirliklar va idoralarga taqdim etiladi. 

Top