21:03 / 07.08.2015
2144

Londondan uchgan samolyot salondagi uchqunlar tufayli ortga qaytdi

Londondan Los-Anjyelesga uchib ketayotgan AQShning United Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot salonning birinchi sinfidagi ikkita o‘rindiq uchqunlana boshlagani haqidagi xabardan keyin London aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda yo‘lovchilardan birining aytgan so‘zlariga iqtibos keltirgan holda NBC telekompaniyasi ma'lum qildi.

Ralf Maklaflin ismli yo‘lovchi telekompaniyaga samolyot uchuvchisi samolyot Shotlandiyadan uchib o‘tgandan keyin uni orqaga qaytarganini aytdi.

“Samolyot sardori birinchi sinfdagi ikkita o‘rindiqdan uchqunlar chiqqanini e'lon qilgan. Men ekonom-sinfda o‘tirganim uchun ularni ko‘rmadim, biroq samolyot qo‘nganida elektrning kuygan hidini sezdim”, deb aytmoqda yo‘lovchi.

Aviakompaniya vakili Kevin Jonston o‘z navbatida samolyot uchgandan keyin biroz o‘tib texnik nosozlik tufayli ortga qaytganini ma'lum qildi.

Samolyot Xitrou aeroportida mahalliy vaqt bilan 10:43 da qaytib keldi. Jabrlanganlar haqida ma'lumot berilmagan.

Top