09:19 / 07.08.2015
2649

Singapurning “Changi” aeroportida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish qilindi

Joriy yilning iyul oyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va Singapurning “Changi” aeroporti ma'muriyati bilan birga katta miqyosdagi marketing kampaniyasi tashkil etildi.
Bundan maqsad singapurliklarni va bu shahar-davlat mehmonlarini O‘zbekistonning tarixi va zamonaviy rivojlanishi, aviatashuv bozorining kengayishi va mamlakatga yo‘lovchilar oqimining ko‘payishi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

“Jahon” axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, marketing tadbiri Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentning qadimiy me'moriy obidalarining maketlari va katta formatdagi fotosuratlari, an'anaviy milliy kiyimlar va amaliy bezak san'ati buyumlarini namoyish qilish orqali o‘tkazildi.

Bundan tashqari, “Changi” aeroportining amaldagi uchta terminalining muhim joylarida O‘zbekiston haqida batafsil ma'lumot berilgan 15 ta ko‘rgazma kompozitsiyasi o‘rnatildi. “Changi” aeroportining ko‘p sondagi yo‘lovchilari axborot stendlari orqali ularni O‘zbekistonda qanday sarguzashtlar kutayotgani, an'anaviy milliy kiyimlar va amaliy bezak san'ati buyumlari ekspozitsiyasi tufayli esa o‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniyati va an'analari haqida ma'lumotga ega bo‘ldilar.

Top