15:38 / 07.08.2015
2063

Yaponiya o‘zbekistonlik mutaxassislar stajirovkasiga 1.69 mln dollar ajratdi

Yaponiya o‘zbekistonlik mutaxassislar stajirovkasiga 1.69 mln dollar ajratdi. Bu boradagi almashuv notalarini Toshkentda Yaponiya elchisi Fumixiko Kato va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Adham Ikromov imzoladilar. Bu haqda Yaponiya elchixonasining matbuot xizmati xabar berdi.

Yaponiya hukumati tomonidan “Kadrlar tayyorlashga stipendiyalar taqdim etish” loyihasi bo‘yicha ajratilayotgan grantlar bo‘yicha almashuv grantlarini imzolash marosimi 7 avgust kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tdi.
Loyiha Yaponiya tomonidan 1999 yildan buyon kelajakda iqtisodiyot, moliya va qonunchilik sohalarida davlat strategiyasiga jalb qilinadigan istiqbolli kadrlarni yetishtirish maqsadida amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar ushbu loyiha bo‘yicha Yaponiya oliygohlarida magistraturalarida 265 nafar o‘zbekistonlik ta'lim oldi.

Bu safar loyiha ijrosi uchun ajratilayotgan mablag‘ 211 mln iyenani yoki 1.69 mln dollarni tashkil qildi. 16-stajirovka avgustda boshlanadi, unda O‘zbekistonning 15 vakili ishtirok etadi.
1999 yildan Yaponiya hukumati ushbu loyihaga 4.382 mlrd iyena ajratgan.

Top