10:24 / 09.08.2015
5614

Terrorchi guruhlar tarkibida jang qilayotgan tojikistonliklar fuqarolikdan mahrum qilinadi.

Terrorchi guruhlar tomonida turib turli davlatlardagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan Tojikiston fuqarolari avtomatik tarzda fuqarolikdan mahrum qilinadi. Bu borada konstitutsiyaga kiritlgan o‘zgartishlar parlamentning ikkala palatasi tomonidan ma'qullanib, prezident Emomali Rahmon tomonidan imzolandi. Uning bu boradagi farmoni “Xovar” agentligida chop etildi.
Ombudsmen Zarif Alizodaning jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida aytishicha, kiritilgan o‘zgartishlar asosan fuqarolikka qabul qilish va fuqarolikdan chiqarish holatlariga bog‘liq. Jumladan, endilikda davlat tilini bilmaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslarga Tojikiston fuqaroligi berilmaydi. Ayni paytda, fuqaroligi yo‘q shaxslarning Tojikiston hududida tug‘ilgan bolalariga avtomatik tarzda fuqarolik beriladi. Tojikiston fuqarosi bilan nikohdan o‘tgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi yo‘q shaxs uch yildan so‘ng fuqarolik pasportiga ega bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, terrorchi guruhlar tarkibiga qo‘shilgan mamlakat fuqarolariga nisbatan qonunlar qattiqlashtirildi.
Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaning ma'lumotlariga qaraganda, ayni paytda, Afg‘oniston, Suriya va Iroq hududida faoliyat yuritayotgan IShID, Tolibon va “O‘zbekiston islom harakati” terrorchi guruhlari tarkibida 600 tojikistonlik bor. Ular orasida bolalar va ayollar ham borligi aytilmoqda.

Top