15:01 / 10.08.2015
6770

“Yangi o‘quv yilida ta'lim-tarbiya sifatini oshirishdagi ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Yangi o‘quv yilida ta'lim-tarbiya sifatini oshirishdagi ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumaniga taklif etilgan jurnalistlar dastlab Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 426-maktabgacha ta'lim muassasasiga tashrif buyurib, bu yerdagi bolalarni maktabga tayyorlash jarayoni bilan tanishdilar. Shuningdek, farzandi maktabgacha ta'lim muassasasiga bormaydigan bolalarning ota-onalari uchun davlat byudjyeti mablag‘lari hisobiga chop etilgan 5 nomdagi qo‘llanmalarini tarqatish va ulardan foydalanish jarayonining guvohi bo‘lishdi. Jurnalistlarda muassasada tashkil etilgan ingliz tili, tasviriy san'at, raqs to‘garaklari va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng anjuman qatnashchilari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-umumta'lim maktabiga tashrif buyurib, bu yerda yangi o‘quv yilini munosib kutib olish maqsadida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishdi. Xususan, ta'lim muassasasidagi chet tili kabinetlari, boshlang‘ich sinflarning jihozlanishi, darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta'minlanishi, malakali yosh pedagoglarni jalb qilish, an'anaviy avgust kengashlarini o‘tkazish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov jurnalistlarga yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yangi o‘quv yilidagi yangiliklar, ta'lim muassasalarida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim - O‘zbekistonim!” ezgu g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Mustaqillik darslari”ni o‘tkazish, maktab bozori va yarmarakalari faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar xususida batafsil ma'lumot berdi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Top