19:45 / 10.08.2015
7079

Qo‘qonlik ayol o‘z bolasini 700 dollarga sotayotganida qo‘lga olindi

Qo‘qonlik Mavjuda Turdiyeva o‘z farzandini sotish paytida qo‘lga tushdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.

Turdiyeva turmushdan chiqqan va ikkita bola bilan qolgan edi. Yengiltabiat hayotga o‘rgangan ayolga bu ikki farzand ortiqchalik qilib qoldi. Katta bolasini onasi bilan qoldirdi, tug‘ilganiga endigina 5 oy bo‘lgan kichkinasini esa sotib yuborishga qaror qildi.

U Xajalxon Jumaqo‘ziyeva orqali “mijoz” topib, unga bolani dastlab ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi. Ammo mijoz Xolisxon Soliyeva puli kamligini, hozir 200 dollar, hujjatlar rasmiylashtirilgach, yana 500 dollar berishini aytdi.

Shunday kelishuv bo‘lmaganiga qaramay, oxirgi lahzada Soliyeva IIBga murojaat qilishga qaror berdi. Turdiyeva o‘z farzandi uchun 200 dollar pul olayotgan paytda militsiyachilar tomonidan qo‘lga olindi.

Sud Turdiyevaga 3 yil sinov muddati belgiladi. O‘rtada dallollik qilgan, ilgari ham odam savdosi tufayli sudlangan Jumaqo‘ziyeva 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Chaqaloq Qo‘qon shahridagi go‘daklar uyiga topshirildi.

Top