21:36 / 11.08.2015
6605

O‘zbekistonlik bloger "Paxtakor-1979" fojiasi qurbonlari xotirasi uchun post yozdi

Bugun o‘zbek futboli jamoatchiligi 1979 yilgi aviafojiada halok bo‘lgan «Paxtakor» futbolchilarini yana bir bor xotirladi. Joylarda turli tadbirlar o‘tkazildi va marhumlar yod etildi. 
 
Taniqli sport jurnalisti va radioboshlovchi Bobur Akmalov o‘z blogida "Paxtakor" jamoasining shonli yulduzlarini eslab, "Afsonaga aylangan yulduzlar - Paxtakor-1979" nomli post joylashtirgan.
 
Ushbu post Kun.uz sayti tomonidan hech bir o‘zgartirishsiz nashr etildi:
 
Sharqlikmiz, o‘zbekmiz, muslimmiz. Tabiiy, bizda marhumlar doimo xotirlanadi, o‘limidan so‘ng ham e'zozlanadi. G‘arbdan farqimiz shu. Sababi, biz foniy dunyodan keyin boqiy dunyo borligiga (ko‘proq) ishonamiz va o‘tganlarning ruhi shod, oxirati obod bo‘lishi uchun ibodatlarimizda doimo ularning haqqiga duo qilamiz. Duolarimiz Yaratgan dargohida qabul bo‘lishiga, marhumlar esa bu dunyoda amali yetarli bo‘lmagan bo‘lsa, duolarimiz yetib borib ularga yengillik berishiga umid qilamiz. Demak, marhumlarni bot-bot eslashimiz shundan.
 
Yana bir sabab – biz marhumlarni yaxshi ko‘rganimiz uchun eslaymiz. Ularni hozirgi bor kishilarga qiyoslaymiz, yaxshi tomonini qidiramiz, nazdimizda o‘tganlar borlardan ko‘ra yaxshiroq tuyulaveradi. Bu qo‘msash nostalgiya, deyiladi, balki. Aslida ular yaxshiroq, zo‘rroq bo‘lmagandir? Avvalgi damlarni qo‘msash inson sifoyatida bor bo‘lgani uchun bizga shunday tuyular? Kim bilsin. Men qo‘shilmagan bo‘lardim.
 
“Paxtakor”-1979
 
O‘sha halok bo‘lgan jamoani men zo‘rlar ichra zo‘r, deb bilaman. Yo‘q, ular halok bo‘lgani yo men ularni qo‘msaganim uchun emas. Chunki men u paytda hatto tug‘ilmagan edim. Nima uchun zo‘r? Sobiq SSSR chempionati salkam Sharqiy Yevropa – Shimol – Osiyo chempionati emasmidi? Hozirda O‘zbekiston chempionatida chempion bo‘lish, va hatto, Osiyo ChLda muvaffaqiyatga erishish sobiq Ittifoq chempionatida kuchli oltilikka kirishdan ko‘ra osonroq, nazdimda.  Ishonchim komilki, deylik, o‘sha Spartak, Dinamoning uchtasi, Ararat yoki Qayrat hozirgi Ash Shabab yoki Chonbuk Motorzdan kuchsiz emas, kamida bir bosh ustun bo‘lgan o‘z davri holati bilan mengzaganda. O‘sha kuchli chempionatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, kuchli oltilikka kira olgan, endigina yuksalib borayotgan, Toshkentga o‘ynash uchun kelgan jamoalarni xavotirga sola olgan Paxtakor tarixdagi eng kuchli Paxtakor – eng kuchli O‘zbekiston terma jamoasi, deyishimga asos bor. Qaytaraman, biz ularni vafoti tufayli hurmat saqlash lozimligi uchun yoki faqatgina nostalgiya uchun emas, rosmana yaxshi bo‘lganlari uchun eslaymiz. O‘sha voqeadan so‘ng jafokash o‘zbek futboli orqaga ketmadimi? Butun Ittifoq hududidan go‘yoki yordam berish uchun chaqirilgan lo‘ttivoz futbolchilar jamoani jar yoqasiga olib keldilar. To‘g‘ri, 1982 yilda o‘sha muvaffaqiyat yana takrorlandi, lekin bu holat avvalgisidan tubdan farq qilardi. Jamoa o‘z tarbiyalanuvchilariga tayanishni boshlagunicha orada 10 yildan ko‘proq vaqt yo‘qotildi. Va mana endi Pyatnitskiy, Qosimov, Kechinov, Magomedov, Denisov, Abduraimov, Kabayev kabi iqtidorlar bilan og‘zimiz oshga yetadi, deb umid qilayotganimizda Ittifoq yo‘q bo‘ldi.
 
Barcha sohalarda yangi hayot, yangi orzu-umidlar yo‘liga chiqdik. Shukrki, mevasini ko‘ryapmiz. Futbolda ham. Ammo so‘nggi yillarda rivojlanayotgandek ko‘ringan futbolimiz aslida majruh ekanligi oydinlasha borayotgan bir paytda biz yana va yana shonli Paxtakorimizni yodga olaverar ekanmiz. Sababi, ular bizga etalon, o‘rnak bo‘lib qolgan ekan. O‘zbek futboli eng kuchli bo‘lgan to‘rtta davrni ayta olaman, albatta shaxsiy fikrim bu – o‘sha 1970-yillar oxiri, 1990-yillar boshi, avvalgi va yangi asrga o‘tish davri va 2010-2011 yillar. Aynan shu davrlarda futbolimizda o‘z nomlarini tarixga muhrlagan kuchli futbolchilar o‘ynaganlar. Pokatilov, An, Fyodorov, Rahmatullayev, Isoqov,  Krasnitskiydan tortib Oganesyan, Shkvirin, Pyatnitskiy, Abduraimovgacha, aka-uka Shatskix, Do‘rmonov, Bozorov, Irismetov, Bugalo, Ro‘zimovdan to Jyeparov, Geynrix, Ahmedov, Haydarovgacha. Lekin mana shu 4 avlod orasida eng kuchlisi va sog‘iniladigani 1979 yilda halok bo‘lgan futbolchilardir. Ishoning, futbolchilar haqida afsonalar, hikoyalar bejizga to‘qilmaydi, bekordan bekorga tildan-tilga ko‘chib yurmaydi – ular o‘lib ketganlari uchun emas, balki rosmana afsona bo‘lganlari uchun. O‘lganlarning hammasi haqida afsona to‘qilavermaydi-ku axir.
 
Hozir yapon yoki forsga gol urib xursand bo‘lib yurishimizni sobiq SSSR tarkibida Braziliya darvozasi to‘rini teshgan Krasnitskiy yoki driblinglari bilan Yevropani hayratga solgan Fyodorov ko‘rsa balki miyig‘ida kulib qo‘ygan bo‘lardi. Afsonalar darajasi boshqa bo‘lgan baribir. U raqiblar qayda-yu, bu raqiblar qayda.
 
Inson hayotini motamga burkashi ma'qul emas. O‘tganlarni eslab kuyunish joiz emas. Ammo biz baribir ezilamiz, unsiz yig‘laymiz – futbolimiz har safar tarsaki yeganida o‘sha yulduzlarimizni eslaymiz. O‘shalar hayot bo‘lganida edi, deb xo‘rsinamiz. Ammo tokaygacha? Istardikki, o‘tganlarimizni hozir bo‘layotgan afsusli holat tufayli emas, shunchaki ularning haqqiga duo o‘qib qo‘yish uchun eslasak. Ularni yodga olganda hozir maydonga to‘p tepayotganlarning zo‘r o‘yinlarini ko‘rib yuzimizda tabassum bilan xotirlasak. Qani edi, qani edi...
 
1979 yilda halok bo‘lgan paxtakorchilar:
Idgay Borisovich Tazetdinov – Murabbiy
Vladimir Vasilevich Chumakov – Shifokor
Mansur Inomjonovich Tolibjonov – Ma'mur
Futbolchilar
Mixail An
Vladimir Fyodorov
Olim Ashirov
Ravil Agishev
Konstantin Bakanov
Yuriy Zagumennix
Aleksandr Korchyonov
Nikolay Kulikov
Vladimir Makarov
Sergey Pokatilov
Viktor Churkin
Sirojiddin Bozorov
Shuhrat Eshbo‘tayev
Vladimir Sobirov.
 
Top