12:08 / 11.08.2015
8983

Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingan professor O‘zbekistonga qaytdi

Rossiyalik chegarachilar tomonidan Moskvaning Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingan Uzoq Sharq federal universiteti professori Yo‘lbarsxon Mansurov O‘zbekistonga qaytdi. Bu haqda Interfaks agentligi xabar bermoqda.
“Soat 20:50da Toshkentga uchib ketayapman”, – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Kecha universitet dasturlari bo‘yicha taklif qilingan mutaxassis sifatida ishlayotgan Mansurov aeroport politsiya bo‘limi kamerasida o‘tirgani haqida xabar qoldirgan edi.
“Universitetning dasturlari bo‘yicha Vladivostokka taklif qilingan Uzoq Sharq federal universiteti kafedra mudiri Sheremetevo aeporti politsiya bo‘limi kamerasida o‘tiribdi, go‘yoki Rossiya xavfsizligini buzganligi uchun. Kimdir buni tushuntirib bera oladimi? Men Tempus loyihasi bo‘yicha Berlinda o‘tkazilgan treninglardan qaytayotgan edim”, – degan edi u.

Uzoq Sharq federal universiteti muhandislik maktabi materialshunoslik va materiallar texnologiyasi kafedrasi mudiri Yo‘lbarsxon Mansurov universitetda 2013 yildan beri ishlaydi. U o‘tgan yili Yevropaning TEMPUS dasturidan ikkita grant yutib oldi. Ushbu dastur rivojlanayotgan mamlakatlarga texnik va texnologik rivojlanish sohasida yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Top