14:04 / 12.08.2015
3533

“Formula-1” avtopoygasi jamoalari byudjyeti va poygachilarning maoshlari e'lon qilindi

“Formula-1” jamoalarining umumiy byudjyeti 2015 yilda 2,6 mlrd yevroni tashkil qildi. Avtopoyganing eng boy jamoasi 468,7 mln yevroga ega Red Bull jamoasi bo‘lmoqda. Bu ma'lumotlar El Mundo Deportivo ispan gazetasi tomonidan chop etildi.

2-o‘rinni Mercedes AMG jamoasi egalladi. Nemis jamoasi mablag‘i bo‘yicha “Red Bull”ga 1 mln yevroga ustunlikni boy berdi, uning byudjyeti 467,4 mln yevroni tashkil qildi. 3-o‘rinni McLaren jamoasi egalladi (465 mln yevro).

4-o‘rinni Ferrari jamoasi (418 mln yevro), 5-o‘rinni Williams (186,4 mln yevro), 6-o‘rinni Lotus jamoasi (139,1 mln yevro), 7-o‘rinni Toro Rosso (137,45 mln yevro), 8-o‘rinni Force India (129,7 mln yevro), 9-o‘rinni Sauber (103,25 mln yevro) va oxirgi o‘rinni 83 mln yevroga ega Manor jamoasi egalladi.

Shuningdek, poygachilarning 2015 yildagi maoshlari ham ma'lum qilindi. Hammadan ko‘ra ko‘proq daromadni 2014 yil kabi bu yilda ham Fernando Alonso topadi. Poygachi Ferrari’dan McLaren’ga o‘tgandan keyin maoshi 12 mln yevroga oshib, 35 mln yevroni tashkil qilmoqda.

Avtopoyganing amaldagi chempioni Lyuis Xemilton (Mercedes AMG jamoasi) joriy yilda 25 mln yevro, ya'ni o‘tgan yilga nisbatan 5 mln yevro ko‘proq maosh oladi. Red Bull’dan Ferrari’ga o‘tgan poygachi Sebastyan Fettelning maoshi 6 mln yevroga oshib, 28 mln yevroni tashkil qilmoqda.

Rossiyalik avtopoygachi Daniil Kvyat Toro Rosso’dan Red Bull’ga o‘tgandan keyin maoshi 250 ming yevrodan 750 ming yevrogacha oshdi. Kvyat maoshining miqdori bo‘yicha 20 ta poygachi orasida 14-o‘rinni egallamoqda. “Formula-1”da eng kam maoshni Manor poygachisi Roberto Meri olmoqda, uning maoshi yiliga 50 ming yevroni tashkil qilmoqda.

2015 yilgi “Formula-1” poygasi 29 noyabrda Abu-Dabida o‘z nihoyasiga yetadi. Poyganing yaqin oradagi bosqichi 22-23 avgust kunlari Belgiyada bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda poygada 10 ta bosqichdan keyin Lyuis Xemilton yetakchilik qilmoqda.

Top