18:48 / 12.08.2015
4172

Ma'naviyat targ‘ibot markazi eksperti “ilma-teshik” liboslarni tanqid ostiga oldi

Bugungi kunda ko‘chalarda “ilma-teshik” liboslar kiyib yurgan bolalarning ko‘payib borishi ma'naviy hayotga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazi bosh mutaxassisi Sherzod Sharipov aytib o‘tdi.

“O‘zini hurmat qiluvchi kishi borki, boshqalarning g‘ashini keltirmaydigan, ortiqcha bezaklardan holi bo‘lgan sodda, ammo chiroyli libos kiyishni ma'qul ko‘radi. Ammo bugun ko‘cha-ko‘yda ko‘payib borayotgan ilma-teshik libos kiyib yurgan yoshlarning ichki madaniyati haqida qanday iliq so‘z aytish mumkin?”, – uning so‘zlari keltiriladi “Jamiyat” gazetasida.

Sharipovning fikricha, “ommaviy madaniyatga ko‘r-ko‘rona ergashib, o‘zligini boy berayotgan bunday kishilar” nafaqat o‘zining, balki yaqinlarining va atrofdagi boshqa odamlarning madaniyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Gazetaning ilgarigi sonlaridan birida “Kiyimingiz nega yirtiq?” nomli maqola chop etilgan edi. Ushbu maqolaga munosabat bildirish barobarida bir qator jamoatchilik vakillari hamda davlat idoralari xodimlari bunday turdagi liboslarni tanqid ostiga olishdi. Jumladan, favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi Rohila Turdiyeva muammoni hal qilish uchun birinchi navbatda mamlakatdagi tikuvchi va dizayner mutaxassislarga milliy an'analarga mos liboslar yaratish borasida ko‘nikmalar berish hamda ularni ushbu faoliyatga rag‘batlantirish zarurligin ta'kidladi.

Top