18:47 / 12.08.2015
5290

Rossiyaliklar yashash uchun zarur eng kam mablag‘ miqdorini ma'lum qilishdi

Rossiyada oydan oyga “yetib olish” uchun bir kishiga zarur bo‘lgan mablag‘ning eng kam miqdori 22.7 ming rublni tashkil etadi. Mamlakat fuqarolari ushbu fikrni Umumrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma vaqtida bildirishgan. So‘rovnoma natijalari markaz saytida e'lon qilingan.

Turli aholi punktlarida yashovchi aholi vakillaridan olingan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 22,7 ming rubl — o‘rtacha ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunda Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari aholisi kamtarona hayot kechirish uchun kishi boshiga 25 ming rubl zarurligini bildirgan bo‘lsa, qishloq joylarda 17 ming rublga ham kun kechirish imkoni borligi ta'kidlangan.

So‘rovnoma qatnashchilarining fikricha, kambag‘al deb oyiga 11 ming rubl atrofida davromad ko‘ruvchi oilalarni aytsa bo‘ladi. Jumladan, poytaxtdagi “bechora”lar 12,5 ming topuvchilar ekani aytilgan bo‘lsa, qishloqlarda daromadi 10 ming bo‘lganlarning kambag‘al ekani belgilab o‘tilgan.

Markaz o‘tkazgan so‘rovnomada iyul oyi avvalida 130ta aholi punktidagi 1600 kishi ishtirok etdi. Statistik xatolik esa 3,5 foizni tashkil etadi.

Rossiyada 2015 yilda eng kam daromad miqdori 9662 rubl, Moskvada 14300 rubl sifatida belgilangan.

Top