11:13 / 12.08.2015
2528

Sanktsiyaga tushgan mahsulotlarning yo‘q qilinishiga qarshi 350 ming rossiyalik ovozi to‘plandi

Change.org saytida sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan mahsulotlarning yo‘q qilinishiga qarshi 350 ming nafardan ziyod rossiyalik ovoz bergan. Ushbu tashabbus mualliflari qarorga o‘zgartish kiritib, mahsulotlarning mamlakatdagi kam ta'minlangan oilalarga tarqatilishini taklif qilmoqda.

“Biz nima uchun faxriylar, nafaqaxo‘rlar, nogironlar, ko‘p bolalilar, tabiiy ofatlardan aziyat ko‘rganlar va boshqa ehtiyojmandlarni ta'minlash mumkin bo‘lgan Yevropa mahsulotlarini yo‘q qilishimiz kerak?” deya o‘z noroziligini bildirdi loyiha tashabbuskorlaridan biri.

Ushbu petitsiya Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Davlat Dumasiga yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada 2015 yil 6 avgust kuni sanktsion mahsulotlarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi prezident qarori kuchga kirgan edi. Birinchi kunning o‘zida mamlakatda 250 tonna meva-sabzavot va pishloq mahsulotlari yo‘q qilindi.

Rossiya qishloq xo‘jaligi nazorat idorasi bu kabi mahsulotlar har kuni yo‘q qilinishi, ushbu ish “har qanday usul bilan” amalga oshirilishiga va'da bermoqda.

Top