09:40 / 12.08.2015
2424

"Senday" AES reaktorlari ishga tushirilgani bois yaponiyaliklar norozilik namoyishiga chiqishdi

100 nafardan ziyod kishi "Senday" AES darvozasi qarshisida hukumatning "Fukusima-1" AESdagi avariyadan so‘ng birinchi marotaba reaktorlarni qayta ishga tushirganiga norozilik ramzi sifatida namoyishga chiqishdi. Bu kabi norozilik namoyishi Yaponiya poytaxtida ham bo‘lib o‘tdi.

Kutilganidek, "Senday" AESning birinchi reaktorida kun oxiriga borib o‘z-o‘zini qo‘llab-quvvatlovchi mustahkam zanjirli reaksiyalar boshlanib, reaktorning muvaffaqiyatli ishga tushganidan dalolat berdi. Dastlabki elektr energiyasi esa 14 avgust kuni ishlab chiqariladi. Shundan so‘ng elektr ishlab chiqarish bosqichma-bosqich ko‘paytirib boriladi va ilk tijoriy quvvat sentabr oyidan joylarga yetkazila boshlanadi.

Shu munosabat bilan "Senday" AES bosh darvozasi qarshisida stansiyalarning ishga tushirilishiga qarshilik belgisi sifatida “Xavfli AESlar kerak emas”, “Siz “Fukusima”ni unutdingizmi?”, “Qayta ishga tushirishni to‘xtating” qabilidagi yozuvlarni ko‘tarib olgan 100 chog‘li namoyishchilar jam bo‘lishdi. Darvozani esa 80 nafar politsiyachi qo‘riqlab turdi.

Namoyishchilardan biri NHK telekanaliga intervyu berar ekan, “Fukusima”ga qarang. Undan keyin hech qanday qayta ishga tushirish mumkin emas. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, dedi.

“Judayam achinarli. Ular nima qilayotganini bilayaptimikin, shuni so‘rashni juda ham xohlayman”, deya qo‘shimcha qilgan boshqa namoyishchi.

Ayni shu damda, Kiodo axborot agentligining xabar berishicha, Satsuma-Senday shahrining savdo ko‘chasida qayta ishga tushirish tarafdorlari ham jam bo‘lishgan. Ular atom energetikasining mamlakat iqtisodiyotga ijobiy ta'sir ko‘rsatishini iliq qarshi olishdi.

Shu bilan birgalikda, Yaponiya parlamenti binosi qarshisida ham 150 nafarga yaqin “Xayr AES! 10 millionlar aksiyasi” tashkiloti a'zolari ham jamlanishdi. Ular barcha atom elektr stansiyalarini buzib tashlash va mamlakatda atom energetikasidan foydalanishni to‘xtatishni talab qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, "Fukusima-1" AESdagi avariyaga qadar atom energetikasi Yaponiyaning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini 30 foizga qoplab kelgan. Avariya chog‘ida ko‘p miqdordagi radiatsiya suv va havoga chiqarib yuborilgani bois ayni paytda ham stansiya yaqinidagi ayrim hududlar yashash uchun yaroqsiz holda. Bugungi kunda esa Yaponiyadagi 13ta AESning 20ta reaktori tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning 2013 yil yozida o‘rnatilgan yangi xavfsizlik standartlariga mosligi o‘rganilmoqda. "Senday" AES birinchi reaktorining yangi xavfsizlik talablariga mos ekanligi esa o‘tgan yili mamlakat bosh atom nazoratchisi tomonidan tasdiqlangan edi.

Mamlakat to‘liq atom energetikasisiz qariyb ikki yil – 2013 yilning sentabr oyidan buyon yashab kelmoqda.

Top