07:57 / 13.08.2015
3157

Xitoyda 120 ta axloqsiz qo‘shiq taqiqlab qo‘yildi

Xitoy hukumati jamiyat uchun xavf soluvchi 120 ta qo‘shiqni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda CNN telekanali ma'lum qildi. Xitoy madaniyat vazirligida bu qo‘shiqlar  zo‘ravonlik, bo‘ysunmaslik, axloqsizlik va bahayolikni targ‘ib qilishi aytildi. 

Taqiqlovga tushgan xitoy qo‘shiqlari orasida “Puling bo‘lmasa, do‘sting ham yo‘q”, “Maktabga borishni istamayman”, “Tasodifiy aloqa” kabi qo‘shiqlar bor. Bundan tashqari, MC Hotdog ismli ommalashgan ijrochining “Men xitoylik ayollarni emas, tayvanlik kizlarni yaxshi ko‘raman” so‘zlari bo‘lgan va “gazni bosib, hech narsa qilmaslik” haqida kuylangan qo‘shiqlari taqiq ostiga tushdi.  

Qora ro‘yxatga tushgan qo‘shiqlar internet saytlardan o‘chirib tashlanishi kerak. Vazirlik qonunga bo‘ysunmaganlar qattiq jazolanishini aytib o‘tdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda  hukumatning talabi keng muhokama qilinishni boshladi. Bir foydalanuvchi Weibo ijtimoiy tarmog‘ida hukumatga bunday “maslahati” uchun minnatdorchilik bildirib, avval hattoki eshitmagan bu qo‘shiqlarini endi tinglab ko‘rishga oshiqayotganini aytib o‘tgan.

Xitoyda, ayniqsa madaniyat sohasida, senzura qo‘llanishi tez-tez uchrab turadi. 2014 yil dekabrida “Xitoy imperatritsasi” teleseriali undagi ayol qahramonlarning ochiq kiyimlari sababli Xitoy televideniyesi efiridan bir necha kunga olib tashlangan edi. 2015 yilning yanvarida shou undagi ochiq sahnalar kesib tashlangan holda qayta efirga uzatilgan.

Top