07:52 / 14.08.2015
4363

Samsung kompaniyasi Galaxy Note 5 va Galaxy S6 Edge Plus fabletlarini namoyish qildi

Joriy yilda Samsung kompaniyasining flagman mahsulotlari yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon qilmoqda: qurilmalar a'lo darajada yig‘ilgan, o‘zining zamonaviy tashqi ko‘rinishi va juda sifatli kameralari bilan alohida tahsinga sazovor bo‘lmoqda. 13 avgustda Nyu-Yorkda Samsung kompaniyasi yangi mahsulotlari – Galaxy Note 5 va Galaxy S6 Edge+ fabletlarini namoyish qildi.

Android operatsion tizimining oxirgi versiya – Android 5.1 Lollipop’da ishlovchi Note 5 deyarli o‘tgan yildagi Note 4 kabi ko‘rsatkichlarga ega. Qurilma 5,7 dyuymli, 2560 x 1440 piksel ko‘rsatish qobiliyatiga ega Super AMOLED-displeyi bilan jihozlangan. Yangi fablet 64 bitli 8 yadroli protsessor (2,1 GGts li 4 ta yadro va 1,5 GGts li 4 ta yadro) negizida ishlaydi va 4 Gb tezkor xotira bilan jihozlangan. Qurilma LTE Category 9’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma, shuningdek, 16 Mp li asosiy kamera va 5 Mp li old kamera, 3000 mA-soat hajmli batareyka, barmoqlar izi skaneri va ko‘plab datchiklar bilan jihozlangan. Qurilmaning o‘lchamlari 153,2 x 76,1 x 7,6 mm ni, vazni 171 grammni tashkil qiladi.     

Qurilmada Note qatorining o‘ziga xos jihati stilus S Pen ham mavjud. Stilusdan foydalanish birmuncha yaxshilangan. Stilus uni telefondan tezroq va osonroq olish mexanizmiga ega. Bundan tashqari, u oldingi versiyalaridan ko‘ra aniqroq ishlaydi. Ekranni blokdan chiqarmasdan ekranda tez eslatmalar kiritish funksiyasi paydo bo‘ldi.

Yangi Note’ning eng ko‘zga tashlanadigan jihati uning yig‘ilishi va tashqi ko‘rinishi bo‘lsa kerak. Qurilmaning alyuminiydan ishlangan yon tomonlari va oynavand orqa tomoni Galaxy S6 va S6 Edge kabi ko‘rinishga ega. Orqa tomoning oynavand sirti dumaloqlangan qirralarga ega. Bu fabletni bir qo‘l bilan yaxshilab ushash uchun qilingan.  

Samsung shuningdek Note 5 uchun yangi g‘ilof-klaviaturani ham namoyish qildi. U qurilmaning old tomoniga o‘rnatiladi va klaviatura xizmatini o‘taydi. Agar klaviaturadan foydalanishga ehtiyoj sezilmasa, uni orqa tomoniga burib qo‘yish mumkin.

Kompaniya, shuningdek, yangi Galaxy S6 Edge+ smartfonini ham namoyish qildi. Agarda qurilmaning yon tomonlaridan egilgan qirralari hisobga olinmasa, qurilma protsessordan tortib kameragacha xuddi Note 5 kabi ko‘rsatkichlarga ega. Edge’ning o‘lchamlari 154,4 x 75,8 x 6,9 mm ni, vazni 153 grammni tashkil qiladi. 

S6 Edge+ smartfoni iPhone 6 Plus’ga nisbatan kattaroq displeyga ega bo‘lsada, o‘lchamlari undan kichikroq. 

Ekranning egilgan qirralariga foydalanuvchilar aloqalar va dasturlarni joylashtirib qo‘yishlari mumkin. Qurilmada YouTube bilan ishlovchi jonli translyatsiya funksiyasi mavjud. Edge+’da stilus S Pen mavjud emas. 

Nyu-Yorkdagi tadbirda namoyish qilingan yana bir yangilik tez simsiz quvvatlash qurilmasi bo‘ldi. Ushbu texnologiya ikkila qurilma tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi va ularni bor-yo‘g‘i 2 soatda 100 foizga quvvatlashga imkon beradi.  

Ikkala gadjyet ham 21 avgustdan boshlab sotuvga chiqariladi. 

Top