17:14 / 14.08.2015
3918

Tyantszindagi portlash natijasida 10 mingdan ortiq avtomobil yonib ketgani ma'lum qilindi

13 avgustga o‘tar kechasi Tyantszinda yuz bergan portlash natijasida Xitoyning turli hududlariga tarqatilishi kutilayotgan 10 mingtadan ortiq yangi avtomobil yonib ketgan. Bu haqda China Daily xabar berdi.

Yonib ketgan avtomobillarning aksari Volkswagen va Renault rusumida bo‘lgan. Nemislar konserniga tegishli 2748ta avtomobil, Renault rusumidagi 1500dan ortiq avtomobil yonib ketgan. Avto ishlab chiqaruvchilar ko‘rgan zarar miqdori bir necha o‘n million dollar deb baholanmoqda.

Shuningdek, bu hodisa natijasida Honda va Mitsubishi kompaniyalari ham zarar ko‘rgan.
Biroz oldinroq, Toyota, Mazda va Subaru ham bu portlash va yong‘indan zarar ko‘rgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni kechqurun Tyantszin portidagi Tianjin Dongjiang Port Rui Hai International Logistics Co. Ltd. Logistika kompaniyasiga tegishli xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonada ikki marta kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Yangi olingan ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa tufayli hayotdan ko‘z yumganlari soni 55 kishidan oshgan, 700 nafardan ziyod jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan.

Ayni paytda qutqaruv operatsiyasi va portlash asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha boshqaruv shtabiga Davlat xavfsizligi vaziri Guo Shenkun rahbarlik qilmoqda.

Top