18:10 / 14.08.2015
12070

UzA muxbirlari Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining qurilish jarayonidan reportaj uyushtirishdi

UzA muxbirlari O‘zbekistonning boshqa viloyatlarini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan, Yevroosiyo transmilliy transport yo‘lagining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining qurilish jarayoni haqida yozish uchun Qamchiq dovoniga borishdi.

Bilasiz, ilgari poyezdlarimiz yuk va yo‘lovchi tashishda qo‘shni davlatlar hududini kesib o‘tgan, bu ortiqcha chiqimdan tashqari turli sansalorligu asabbuzarliklar, vaqt yo‘qotishga olib kelgan. Yangi temir yo‘llar qurish, yagona temir yo‘l tizimi barpo etish dunyo okeaniga chiqadigan dengiz, xalqaro tranzit yo‘llaridan olisda va chetda bo‘lgan O‘zbekistonimiz uchun hayotiy zarurat edi.

Prezidentimiz Islom Karimov Vatanimiz istiqlolining dastlabki yillaridanoq yaxlit va yagona temir yo‘l tizimini yaratish g‘oyasini ilgari surdi. Amudaryo uzra avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prikni o‘z ichiga olgan Navoiy-Uchquduq-Nukus-Sulton Uvaystog‘ temir yo‘lining barpo etilishi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Shimoliy yo‘nalishda darvoza ochish, shu mintaqadagi boy yer osti tabiiy zaxiralarini o‘zlashtirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, pirovardida ushbu hududda istiqomat qilayotgan odamlarning hayotini obod qilishda bu inshoot mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun uning yuksak samarasi va ta'sirini vohadagi xo‘jalik va tashkilotlar, har bir oila o‘z hayoti misolida yaqqol ko‘rib turibdi.

Oradan atigi uch yil o‘tib, Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Ushbu bunyodkorlik inshooti mamlakatimizda yagona milliy temir yo‘l tizimini yaratishning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.
Dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikdagi Hisor tog‘ tizmalarini kesib o‘tgan, uzunligi 223 kilometr bo‘lgan mazkur temir yo‘lning noyobligi shundaki, u nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa taraqqiyotida, qolaversa, necha asrlar mobaynida Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan qadimiy Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, daryo transporti nisbatan xavfsizligi va arzonligi bilan qolgan transportlardan ajralib turadi. Jug‘rofiy joylashuvi jihatidan xalqaro kommunikatsiya va dengiz yo‘llaridan olisda bo‘lgan O‘zbekiston uchun ummonga chiqish iqtisodiy salohiyatning yangi qirralarini ochishda g‘oyat muhim hisoblanadi.

Yo‘l qurganning yo‘li ochiq, degan chuqur ma'noli so‘zlar birinchi bo‘lib kim tomonidan, qachon va qayerda aytilgani haqida bir nima deyish qiyin. Har holda, bu so‘z mustaqillik yillarida butunlay yangicha mazmun kasb etgani va amalda o‘z isbotini topgani bugun barchaga ayon.

Buni bugungi kunda katta istiqbolga ega bo‘lgan muhim loyiha sifatida qaralayotgan, transport-kommunikatsiya sohasidagi yana bir yirik inshoot – Angren-Pop yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘ining qurilishi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

...Qurama, Chotqol tog‘larining qoq o‘rtasidan kesib o‘tgan Qamchiq dovoniga yetib qoldik. Ana, Ohangaron suv omboridan o‘tdik. Tangatopdi qishlog‘i ham ortda qoldi. Biz o‘tirgan "Neksiya" mashinasi shundoqqina tog‘ etagidagi “Dovon” deb nomlangan savdo rastasi yoniga kelib to‘xtadi.
Darvoqe, Dovon haqida tarixiy manbalarda ma'lumotlar ko‘p uchraydi. Yozma manbalarda qayd etilishicha, miloddan oldin Farg‘ona vodiysida yetmishdan ortiq katta-kichik shaharlar bo‘lgan. Ulardan birining nomi – Davan. Uning asosiy qismi, boshqaruv va ishlab chiqaruvchi kuchlari sharqiy Farg‘onada o‘rnashgan. O‘zining geosiyosiy joylashuviga ko‘ra, mazkur hudud Baqtriya, So‘g‘d, Choch kabi tarixiy o‘lkalarning Xitoy bilan savdo, iqtisodiy va madaniy aloqalarida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan. Yana bir muhim hujjatda, Davandan har biri filday keladigan afsonaviy uchqur otlar keltirilgani va to‘g‘ri saroyga jo‘natilgani haqida yoziladi.

Tarix gardishga o‘xshaydi. Undagi voqealar biroz o‘zgarish bilan mudom takrorlanib turadi, deyishadi. Rost ekan! Qarang, oradan necha zamonlar o‘tdi. Art, Aqba, Qo‘tal nomlari bilan yuritilgan ushbu tarixiy maskan yana tarixiy voqealarning shohidiga aylanmoqda. Faqat bu safar bu yerlardan Xitoyga “har biri filday keladigan afsonaviy uchqur otlar” emas, tarang tortilgan tasmadek temir yo‘l uzra poyezdlar boradi.

Bundan bor-yo‘g‘i 25-30 yil ilgari bu yerlardan temir yo‘l o‘tadi, desa hech kim ishonmasdi. Boisi, ushbu hududning baland tog‘ qoyalari, chuqur soyliklari, pastu baland adirlari uzra poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish aqlga sig‘mas ish edi-da! Millionlab kub metr qoya va xarsanglarni bo‘laklash, uyum-uyum toshlarni ortish, tashish, to‘kish, shibbalash kabi og‘ir va murakkab jarayonlarda ish sifatini ta'minlash, juda tig‘iz belgilangan muddatlarga qat'iy amal qilish, ustiga-ustak, atrof-muhit va tabiatga zarar yetkazmasdan ishlash – bularning bari aytishgagina oson, xolos.

Bunyodkor xalqimiz bunday xayollarni haqiqatga aylantirdi. Mustaqillik davri kishilarining o‘tkir zehni, sobit qadami, qat'iy xohish-irodasi va azmu shijoati evaziga xalqimizning yana bir orzusi ushaldi.

Ufqi yo‘q xayollar qo‘yib bersangiz, qayerlarga olib qochmaydi. Biroz tin olgach, maqsad, manzil sari yurdik. Oldinda bizni dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda joylashgan Qamchiq dovoni orqali qurilayotgan 19 kilometrlik temir yo‘l tunneli kutmoqda.

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining uzunligi qariyb 124 kilometr. Keling, dastlab ushbu liniyaning qurilish jarayoniga qisqacha to‘xtalib o‘taylik.

Avval mo‘ljaldagi hudud obdon tekislanib, qotirildi. Keyin muayyan vagonlarda ko‘kish tus shag‘al to‘kib chiqildi. Shag‘al ustiga paydar-pay rels yotqizildi, elektr simi tortildi. Qilni qirq yoradigan, mohir quruvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmadi. Hatto tushlik vaqtida ham ko‘zlarini relsdan uzmay, ish jarayonini muhokama qiladi. Nimadandir mamnun, nimadandir dilxun o‘zaro chug‘urlashadi. Bu kuyib-yonishlar o‘z samarasini ko‘rsatdi. Joriy yilning o‘tgan oylarida 186,7 million dollar o‘zlashtirildi. Bugungi kungacha 285 cuv va 6 yo‘l o‘tkazgich, 13 temir yo‘l ko‘prigi, “Orzu” vokzali, “Ko‘l”, “Temiryo‘lobod”, “Qo‘shminor” stansiyalari qurib bitkazildi.

Yo‘l-yo‘lakay Qurama tog‘ining belida qurilgan “Orzu” vokzalini ham ko‘rib o‘tdik. Yangi vokzal binosida kutish zali, ona va bolalar xonasi zamonaviy tarzda, yuksak did bilan bunyod etilgan. Nogiron yo‘lovchilar aravachalar bilan chiqishi uchun qulayliklar yaratish ham e'tibordan chetda qolmagan.

Ayni paytda qurilish ishlarining murakkabligi bo‘yicha dunyoda 8, uzunligi jihatidan 13, MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda bo‘lgan tunnelning qariyb 70 foizi bitibdi. Tunnelning qolgan uchastkasida qazish va pardozlash ishlari jadal davom etayotir. Qurama tog‘ining naq ko‘ksini yorayotgan texnikalarning shovqin-suroni, quruvchi-yo‘lsozlarning goho quvnoq, goho tajang qiyqiriqlari qulog‘ingizni qomatga keltiradi.

Sardaladan boshlanib, Chodak qishlog‘igacha davom etadigan tunnelni qurish va pardozlash ishlarida dunyoga mashhur “China railway tunnel group” qurilish kompaniyasining xodimlari ko‘maklashmoqda. Asosiy tunnelda shu kungacha qariyb 13 kilometr, qo‘shimcha tunnelda 14 kilometr qazish ishlari bajarildi.

– O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim. Lekin o‘zim temir yo‘l qurilishi sohasida ko‘p yillardan beri ishlab kelayotganim uchun mamlakatingizning bu boradagi salohiyati haqida ko‘p eshitganman, – deydi “ChRTG” qurilish kompaniyasi mas'ul hodimi Xu Zeng Ping. – Qurilishi deyarli nihoyasiga yetay deb qolgan mazkur temir yo‘l O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun qanchalar ahamiyatli ekanini izohlab berolmayman. Temir yo‘l borgan joyga taraqqiyot boradi, o‘sish, rivojlanish boradi. Demoqchimanki, O‘zbekiston tanlagan yo‘l nechog‘li to‘g‘ri ekani yilma-yil isbotlanib bormoqda.

Xu Zeng Ping haq gapni aytdi. Boisi, ushbu temir yo‘l tarmog‘ining ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan ishonchli tarzda bog‘laydi. Mamlakatimizning butun hududi bo‘ylab yagona temir yo‘l transporti tizimini shakllantirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazadi. Yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar zamonaviy elektr poyezdlarda Toshkentdan Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlariga, vodiydan mamlakatimizning boshqa hududlariga hech bir qiyinchiliksiz borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mustaqil davlatimizning inson manfaatlari yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan siyosatini, hayotbaxsh iqtisodiy islohotlarimizni ko‘rolmaydigan, pana-panadan tosh otib, har xil mish-mishlarni tarqatishga o‘ch kimsalar, afsuski, uchrab turadi... Bundaylarning ig‘volariga javoban xalqimizning mashhur maqolini eslatamiz: "It hurar – karvon o‘tar". Zero, bu karvonning uzoqni ko‘ra oladigan, dono Sarboni bor. Bunday karvon hech qachon zavol ko‘rmagay...

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishining mamlakatimiz ravnaqiga qo‘shadigan hissasi shundaki, bu yo‘l Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘p asrlar davomida mudrab yotgan tog‘lar qa'rida qolib kelayotgan boy yer osti mineral resurslarini va boshqa sifatli, qimmatbaho foydali qazilmalarni o‘zlashtirish uchun katta imkoniyatlar ochib beradi. Iqtisodiy taraqqiyotning belgisi bo‘lmish qurilish va sanoat, transport va aloqa, xizmat sohalarini rivojlantirishga, sog‘liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, umuman, yangi-yangi madaniy o‘choqlar ochilishiga, hayotni jonlantirishga, uning sur'atlarini tezlashtirishga mustahkam zamin yaratadi.O‘zbekistonning chet davlatlarga chiqish va eksport imkoniyatini, shu bilan birga, mamlakatimizning tranzit rolini kengaytirish borasidagi salohiyatini keskin oshiradi...

Vaqt bir yerda to‘xtab turmaydi. Oradan kun, hafta, oy, yillar, zamonlar o‘tadi. Lekin mana shunday beqiyos mo‘'jizalar yaratishga qodir bo‘lgan xalqimizning mehnat jasorati, Vatanga muhabbat va sadoqati, nainki o‘zini, kelgusi avlodlarining ham manfaatini o‘ylab bajargan buyuk ishlari xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin timsoli sifatida tillarda doston, kelgusi nasllarga namuna bo‘lib qoladi.

Top