17:33 / 16.08.2015
2685

Monrealdagi o‘yin chog‘ida tennischi Jokovich marixuana hidini sezganini aytdi

Serbiyalik raketka Novak Jokovich Kanadaning Monreal shahrida o‘tkazilayotgan professional tennischilar uyushmasi turnirining fransiyalik Jyeremi Shardiga qarshi o‘tkazayotgan yarim final uchrashuvi chog‘ida hakamga kortda marixuana hidi kelayotganini ma'lum qildi. Uning so‘zlarini Germaniyaning Bild nashri keltirdi.

Yarim final Jokovichning 6:4, 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ammo o‘yin paytida tennischi boshi aylanayotganini, bunga tribunadan marixuana hidi kelayotgani sabab bo‘lganini ma'lum qildi.

“Men bosh aylanishiga qarshi kurashayotgan paytimda kimdir hayotdan lazzatlanib o‘tirgan ekan. Natija yomon emas, lekin men yaxshiroq o‘ynashim ham mumkin edi. Men hakamga buni ma'lum qildim, lekin u nima ham qila olar edi?”, – dedi serbiyalik sportchi.

Turnir finalida Jokovich britaniyalik Endi Marrey bilan bellashadi. Marrey, o‘z navbatida, yarim finalning boshqa bahsida Yaponiya vakili Key Nisikoridan ustun keldi (6:3, 6:0).

Top