16:32 / 17.08.2015
3884

“Taxtlar o‘yini” seriali britaniyaliklarni yangi bolalar ismlarini o‘ylab topishga ilhomlantirmoqda

“Taxtlar o‘yini” seriali Angliya va Uels aholisini yangi bolalar ismlarini o‘ylab topishga ilhomlantirmoqda, deya xabar beradi The Independent nashri. Gazetada qayd etilishicha, mazkur teleshou ota-onalar ongiga ta'sir etishda davom etmoqda.

Milliy statistika boshqarmasi (ONS) ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilda 18 nafar angliyalik va uelslik bolaga Teon, 17 nafariga Trion, 14 nafariga Bran va 4 nafariga Sandor ismlari qo‘yilgan. Yangi dunyoga kelgan 53 qizaloq esa Kxalisi, 10 nafari Deyyeneris, oltisi Sansa, to‘rt nafari Briyenna ismi bilan chaqirila boshlagan.

Bundan tashqari, rasmiy statistik ma'lumotlar “Sovuq yurak” multfilmi qahramonlari Elza va Anna ham ota-onalar orasida ommalashganini ko‘rsatdi. Birinchi marta Kristoff ismi uch o‘g‘il bolaga qo‘yilgan bo‘lsa, 52 marotaba Olaf ismiga murojaat qilingan.

Pop musiqa ham yangidan-yangi ismlarning ommalashuviga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, qo‘shiqchi Rita Oraning ko‘plab muxlislari o‘z farzandlarini Rita deb chaqirishga qaror qilgan. One Direction guruhi a'zolarining Garri va Luis ismlari ham keng ommalashmoqda.

Milliy statistika boshqarmasining qayd etishicha, bolalar ismlariga “Kardashyan oilasi” tok shousi va “Daunton abbatligi” seriallari ham katta ta'sir qilmoqda.

Top