17:19 / 17.08.2015
4220

2015 yilning birinchi yarmida «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlari 11,5 mingdan ortiq parvozni amalga oshirdi

2015 yilning birinchi yarmida «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi samolyotlari 11,5 mingdan ortiq parvozni amalga oshirdi. 1,2 milliondan ziyod yo‘lovchi milliy aviakompaniya xizmatlaridan foydalandi. 18,3 ming tonna yuk tashildi. Bu haqda O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligi va Havo floti kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Ma'lum qilinishicha, «Navoiy» aeroporti bazasida tashkil etilgan Xalqaro intermodal logistika markazi jadal rivojlanmoqda. 2009 yilning may oyidan joriy yilning birinchi yarmiga qadar yuk tashish hajmi 219,7 ming tonnadan oshgan. 2015 yilning birinchi yarmida «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi va xorijiy aviakompaniyalarning «Navoiy» Xalqaro intermodal logistika markazi orqali tashilgan umumiy yuk hajmi 14 ming tonnani tashkil etdi.

Qayta jihozlangan ikkita «Boing» yuk samolyotining foydalanishga topshirilgani yo‘nalishlarni kengaytirish va markaz orqali yuk tashish hajmini oshirish imkonini berdi. Bugungi kunda ushbu samolyotlar Dehli, Mumbay, Frankfurt, Amsterdam va Shanxay shaharlariga parvoz qilmoqda.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy avikompaniyasi bosh direktori V.Tyanning so‘zlariga ko‘ra, iste'molchilar talabini to‘la qondirish milliy aviatashuvchi oldida turgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Milliy aviakompaniya yo‘lovchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni kafolatlaydi. Kompaniya jamoasi mamlakat aviatsiyasining kelajagini o‘ylab, texnik va ta'mirlash bazasini yaxshilash, milliy aviakompaniyaning dunyo aviatashuvlar bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratmoqda.

Ayni paytda milliy aviakompaniya tomonidan 12 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarda havo parkini yangilash, «Boing-787 Drimlayner» samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan angar va yangi «Toshkent-4» yo‘lovchi terminalini barpo etish, aeroportlarning yer usti infratuzilmasini rivojlantirish va ularni maxsus aeroport texnikasi hamda texnik vositalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.

«Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi bazasida samolyotlarning kompozitsion materiallardan tayyorlangan yirik tarkibiy qismlarini ta'mirlash bo‘yicha yangi markaz tashkil etilmoqda. Ushbu markaz kelgusi yili ish boshlaydi. Uchuvchilar malakasini oshirish maqsadida shu yilning oxirigacha milliy aviakompaniyaning o‘quv-mashg‘ulot markazida yangi trenajyor – «A-320» havo kemasining Full-flight simulyatori o‘rnatiladi. Aeroportning rekonstruksiya qilingan VIP, CIP va «Business-lounge» zallarining foydalanishga topshirilishi mustaqillikning 24 yilligiga munosib sovg‘a bo‘lishi kutilmoqda.

Oxirgi yillarda milliy aviakompaniya parki 10ta yangi A320 va 4ta Boing-767-300YeR samolyotlari bilan to‘ldirilgan. Shuningdek, 6ta Il-114-100 samolyoti qaytadan jihozlangan.

Top