14:49 / 17.08.2015
2441

Chon Monjun FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashishini e'lon qildi

FIFAning sobiq vitse-prezidenti hamda Koreya futbol uyushmasining sobiq rahbari Chon Monjun FIFAda inqiroz yuzaga kelganini ta'kidladi va bu vaziyatni to‘g‘rilash maqsadida FIFA prezidenti bo‘lmoqchiligini aytdi. U bugun, 17 avgust kuni FIFA prezidentligi uchun nomzodini qo‘yganini ma'lum qilgan. Bu haqda Yonhap xabar bergan.

Xabar qilinishicha, 63 yoshli sport amaldori Parij shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida shu haqda e'lon qilgan.

"FIFAning hozirgi holatida inqirozdan qutqaruvchi menejyer xizmati talab qilinadi. Tashkilotga islohotchi rahbar kerak. FIFA so‘nggi 10 yil davomida korrupsiya ichida qoldi va yangi rahbar tashkilotdagi shaffoflikni qaytarishi kerak", deydi Chon Monchun.

Eslatib o‘tamiz, FIFAga 1998 yildan buyin rahbarlik qilib kelgan Yozef Blatter shu yilning 29 may kuni o‘tkazilgan saylovda beshinchi marta tashkilot rahbarligiga saylangandi. Lekin shundan bir necha kun oldinroq FIFA tizimidagi bir qator amaldorlarga poraxo‘rlik bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgani ortidan 2 iyun kuni u o‘z lavozimini muddatidan oldin tark etishini ma'lum qilgandi.

Navbatdan tashqari saylov 2016 yilning 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Shu vaqtgacha fransiyalik sobiq futbolchi David Jinola, Iordaniya shahzodasi Ali ibn al-Husayn, braziliyalik murabbiy Ziko, argentinalik sobiq futbolchi Maradona, Liberiya futbol uyushmasining sobiq rahbari Musa Biliti hamda UYeFAning amaldagi rahbari Mishel Platini ushbu saylovda qatnashishlari haqida rasman ma'lum qilgandi.

Top