23:42 / 17.08.2015
2886

Tailand mudofaa vaziri Bangkokdagi portlashni iqtisodiyot va sayyohlikka zarba berish maqsadida qilinganini aytmoqda

Tailand mudofaa vaziri Pravit Vongsuvan Bangkokdagi portlash tashkilotchilarining maqsadi mamlakat iqtisodiyoti va sayyohlikka zarba berishdan iborat bo‘lgan, deb aytdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

“Jinoyatchilar iqtisodiyot va sayyohlikni barbod qilishmoqchi bo‘ldi, shuning uchun ham ular portlash joyi sifatida sayyohlik hududining markazini tanlashdi”, deb aytdi vazir.

Portlash Bangkokdagi eng yaxshi mehmonxonalar, savdo markazlari, ofislar va shifoxonalar yonidagi gavjum chorrahada to‘rt yuzli Braxma – Erawan Shrine’ning haykali yonida sodir etildi. Ushbu haykal ayniqsa Sharqiy Osiyo va Xitoydan tashrif buyuruvchi sayyohlar orasida eng ommalashgan diqqatga sazovor joy hisoblanadi.

Mamlakat hukumati portlashga qarshi javob choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus komissiya tashkil qilmoqchi.

Avvalroq portlash qurbonlari soni 27 kishiga yetgani ma'lum qilingandi.

Top