16:28 / 17.08.2015
35002

Test natijalarini e'lon qilish 18 avgustga qoldirildi(mi?)

604 ming nafar abituriyent va ularning milliondan ziyod yaqinlari. Ayni kunlarda 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan test natijalari qachon e'lon qilinadi, degan savolga javob millionlab yurtdoshlarimizni qiziqtirib turibdi. 16 avgustda Davlat test markazi imtihonlar natijasi 17 avgust kuni e'lon qilinishi xabar berilgan edi.

Biroq hech qanday rasmiy izohlarsiz imtihon natijalarini e'lon qilish yana ortga surildi. Bu esa ko‘plab taxminlar, norasmiy va tasdiqlanmagan xabarlarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Jumladan, huquqshunos bloger Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z blogida ana shunday xabarni e'lon qildi. Uning fikricha, abituriyentlar sonining yildan-yilga oshib borayotgani javoblar chiqadigan kunning biroz kechikishiga sabab bo‘lishi tabiiy. Masalan, o‘tgan yili 540 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan va javoblar 16 avgust sanasida e'lon qilingan edi. Joriy yilda esa, 605 ming nafar abituriyent hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilgidan 65 ming nafarga ko‘p demakdir. Shu sababli garchi bugun 17 avgust bo‘lsa-da, ammo javoblar e'lon qilinmadi va buni to‘g‘ri tushunish kerak.

Bloger norasmiy ma'lumotlarga asoslangan holda test sinovlari ertaga, 18 avgust kuni e'lon qilinishini aytib, javoblarni bilishning 4-5 yo‘lini keltirib o‘tgan.
Biz esa Davlat test markazi qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslikdan ko‘ra imtihon natijalari har yilgidan kechiktirilayotganiga rasmiy izoh berib, uning aniq muddatini xalqqa e'lon qilishini maqsadga muvofiq, degan bo‘lar edik.

Top