18:51 / 18.08.2015
10144

Navoiyda qafas usuli bilan baliq yetishtirilmoqda

O‘zbekistonda baliqchilik tarmog‘i salohiyatini oshirish maqsadida “2015 yilda respublikaning baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi” qabul qilingan.

Navoiy viloyatida atrof-muhitning maqbul ekologik holatini ta'minlash va baliqchilikni barqaror rivojlantirish maqsadida tabiiy suv havzalari yaqinida inkubatsion sexlar qurilmoqda hamda tabiiy suv havzalarini baliq bilan ta'minlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda "Telegraf.uz" nashri xabar bergan.

Jurnalistlarning ekologik mediatur doirasidagi keyingi manzili “AQUA-TUDAKUL” o‘zbek-amerika qo‘shma korxonasi bo‘ldi. 2004 yilda tashkil etilgan ushbu korxona baliq chavoqlarini yetishtirishga ixtisoslashgan, shu bilan birga qafas usuli bilan intensiv baliq yetishtirish texnologiyasidan foydalanmoqda.

Korxonaning asosiy maqsadi — aholini sifatli va arzon baliq mahsulotlari bilan ta'minlash. Tashkilot o‘z oldiga baliq chavoqlarini sun'iy usulda ko‘paytirish, ularni o‘stirish va To‘dako‘l suv havzasini baliq zaxirasini to‘ldirish kabi vazifalarni qo‘ygan. Bugungi kunda korxonada zog‘ora, oq amur, oq do‘ngpeshona baliqlari ko‘paytirilmoqda. Korxonada baliq lichinkalarini o‘stirish jarayoni 90 gektardan ziyod maydonni egallagan 16ta sun'iy hovuzlarda amalga oshiriladi. Birgina 2014 yilning o‘zida korxona tomonidan 200 tonnadan ortiq, o‘rtacha og‘irligi 35-50 grammdan bo‘lgan baliq chavoqlari To‘dako‘l suv havzasining baliq zaxiralarini to‘ldirish maqsadida tashlangan.

Ma'lumot uchun, To‘dako‘l tabiiy suv havzasi Qiziltepa tumanida joylashgan bo‘lib, 1975 yilda tashkil topgan. Uning umumiy maydoni 21,4 ming m2 bo‘lib, bu yerda 1 milliard 300 million m3 suv jamlangan. Ko‘lning uzunligi 35 kilometr, eni esa 10 kilometrni tashkil etadi. Uning havzasida yashovchi o‘nlab baliqlar va baliqi qushlar hayvonot dunyosining noyob namunalari hisoblanadi.

Top