09:00 / 18.08.2015
2335

OAV: Noqonuniy muhojirlar La-Mansh tunneli orqali qatnash uchun 10 ming yevro to‘lashgan

Noqonuniy muhojirlar Fransiyadan Buyuk Britaniyaga La-Mansh tunneli orqali o‘tib-qaytish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun 10 ming yevrodan to‘lashgan. Bu haqda Fransiyaning Europe 1 radiostansiyasi jurnalistlari olib borgan kuzatuvlardan ma'lum bo‘ldi.

OAV vakillari Kale portidagi fransuz chegara politsiyasi bilan hamkorlikda kontrabandistlar guruhi faoliyatini kuzatishdi.

Kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, 4 nafar alban va 2 fransuzdan iborat guruh 2015 yil avvalidan buyon tunnel orqali Britaniyaga 200 nafarga yaqin alban muhojirlarini yuk avtomobillariga yashirib o‘tkazib yuborgani oydinlashdi.

Har bir muhojir buning uchun eng kamida 10 ming yevro to‘lashiga to‘g‘ri kelgan. Odatda bu pulning ming yevrosi muhojirni tashishga rozi bo‘lgan yuk avtomobili haydovchisining qo‘liga tekkan. Haydovchilar yuk orasida olib ketish sharti bilan bundan kamroq pulga ham muhojirlarni tashishga rozi bo‘lgan.

Jurnalistlarning ma'lum qilishicha, “noqonuniy tadbirkorlik”ning bu turida yillik pul aylanmasi 1,5 mln yevroni tashkil etgan.

Fransiya politsiyasi mazkur ish yuzasidan 6 kishini qamoqqa olgan. Huquq-tartibot organi xodimlarining qayd etishicha, ularning qo‘lida ishonchli ashyoviy dalillar, shu jumladan, yozib olingan telefon so‘zlashuvlari ham bor.

Ta'kidlanishicha, alban guruhi tunnel orqali noqonuniy muhojirlar almashinuvi bilan shug‘ullanadigan yagona jinoiy uyushma emas. Ular bilan bir qatorda afg‘on va kurd guruhlari ham mazkur faoliyat bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, Britaniya qirolligi Fransiyaning Kale shahriga eltuvchi Yevrotunnel himoyasini kuchaytirish maqsadida 7 mln funt sterling sarflaganidan so‘ng u orqali noqonuniy ravishda o‘tuvchi muhojirlar oqimi keskin kamaygan.

Top