17:50 / 18.08.2015
4582

San'atshunos: xorijiy multfilmlar bolalarga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda

Turli telekanallardan deyarli har kuni namoyish etiladigan, hisobsiz miqdorda axborot bozoriga kirib kelayotgan, G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan multfilmlar bolalarga har doim ham ijobiy ta'sir ko‘rsatmayapti. Aksincha, ularning zarari ko‘proq tegmoqda. San'atshunos Azizbek Matyoqubovning fikricha, vaziyatni o‘nglash uchun milliy multfilmlar targ‘ibotini kuchaytirish lozim.

“Bugun turli noqonuniy yo‘llar bilan ko‘chirib olinib, video disklarga jamlanayotgan va iste'molchilarga arzon-garov evaziga taklif etilayotgan xorijiy multfilmlarning bozori chaqqon bo‘lmoqda. Ularning tarbiyaviy jihati esa kishini biroz o‘ylantirib qo‘yadi”, – ta'kidlaydi mutaxassis “Jamiyat” gazetasida e'lon qilingan maqolasida.
Uning yozishicha, ayrim kartinalardagi fantastik lavhalar bolalarda qo‘rquv uyg‘otadi va janjalkashlik, injiqlikka sabab bo‘ladi.

Gazetada, shuningdek, chet el multfilmlari ta'sirida yuzaga kelgan ayrim ko‘ngilsizliklar haqida hikoya qilindi. Jumladan, navoiylik Nasiba Karimovaning hikoya qilishicha, uning o‘g‘li “Tom va Jyerri” multfilmida ko‘rgan taom tayyorlash lavhasini uyda takrorlashga harakat qilib, yong‘in keltirib chiqargan.
Andijonlik Nigora Jumaboyevaning hikoya qilishicha esa, uning katta o‘g‘li “Skruj amaki” multfilmidan “ilhomlanib”, kichkina ukasining boshiga allanimalar qo‘yib, tosh bilan masofadan urib tushirgan.

Mustaqillik yillarida “O‘zbekfilm” tomonidan 20dan ortiq mutliplikatsion kartinalar ishlangan. Ularni ko‘proq namoyish qilish va soninin ko‘paytirish muhim ekanligi ta'kidlandi.

Top