10:14 / 19.08.2015
2963

Cho‘kib ketgan “Dalniy Vostok” kemasi 250 metr chuqurlikdan topildi

Dengiz muhandislari Oxota dengizida aprel oyida cho‘kib ketgan baliq ovlovchi “Dalniy Vostok” kemasini 250 metr chuqurlikdan topishdi. Bu haqda “Fertoing” kompaniyasi saytida ma'lum qilingan.

“Dalniy Vostok” “Kendrik” deb nomlangan maxsus vazifalarni bajaruvchi kema yordamida topildi. Mutaxassislar dastlab halokat joyida gidrografik tasvirga olish ishlarini olib boradi. So‘ngra kemani ko‘zdan kechirish uchun teleboshqaruvli “Tayger” uskunasini suvga tushiriladi. U cho‘kib ketgan kema korpusi holatini foto va video tasvirga oladi.

Saytda qayd etilishicha, “Fertoing” kompaniyasi dengiz muhandislari “Dalniy Vostok”ning 3-D tasvirini olish imkoniyatiga ega. Bu esa halokat sababini aniqlashga yordam beradi.

“Dalniy Vostok”ni yuqoriga olib chiqish rejada yo‘q. Uning bortiga halok bo‘lgan dengizchilar ism-familiyasi yozilgan taxtacha o‘rnatiladi xolos.

Ulkan “Dalniy Vostok” baliq ovlovchi avtonom kemasi 2015 yil 2 aprel kuni Oxota dengizida cho‘kib ketgan edi. Kema bortidagi 57 jasad topilgan, 12 kishi bedarak yo‘qolgan deb topilib, ularning besh nafari rasman vafot etgan deya e'lon qilindi. 63 kishining hayoti saqlab qolindi. Tergovlarda hodisaga baliq ovlash me'yorlarining buzilishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Top