17:43 / 19.08.2015
3107

Istanbuldagi bosh vazir qarorgohi oldida otishma uyushtirildi

Qurollangan noma'lum shaxslar Istanbul shahridagi Dolmabaxche saroyi oldida otishma keltirib chiqarishdi. Bosh vazir qarorgohi hisoblanuvchi bu bino atrofida portlash ovozlari ham eshitilgan. Bu haqda Hurriyet xabar berdi.

Gazetada yozilishicha, ikki nafar qurollangan shaxs saroy darvozasida o‘q otib politsiyachilarga hujum qilishgan. Guvohlarning aytishicha, hujum qiluvchilar o‘q otishni boshlashdan oldin granata ishlatishgan.

Taksim maydonidan uncha uzoq bo‘lmagan, Bosfor bo‘g‘ozi qirg‘oqlarida joylashgan bu qarorgoh sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan joylar sirasiga kiradi.

Haber7 nashrining yozishicha, hujum ijrochi bo‘lgan ikki shaxs Germaniya elchixonasi oldida qo‘lga tushgan. Ularning yonida avtomat qurollar bo‘lgan.

Dogan News ma'lumotlariga ko‘ra, bu hujum natijasida halok bo‘lgan yoki jarohatlanganlar yo‘q. Ayni vaqtda Dolmabaxche tumani hududi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan o‘rab olingan.

Top