20:51 / 19.08.2015
3160

Qo‘qonlik qallob do‘stining mashinasini boshqaga garovga berib yubordi

Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi Murotjon Ashiraliyev do‘sti X. Xodjayevning Spark rusumli avtomashinasini garovga berib yuborib, qaytarmay yurganligi bois Xodjayev huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Natijada, “Huquq” nashrining yozishicha, sud qallobga tegishli jazo tayinlab, yetkazilgan moddiy zararni undirib berdi.

Surishtiruv davomida ma'lum bo‘lishicha, Xodjayev Turkiyaga tijorat safari bilan ketayotganida do‘sti Ashiraliyevga Spark mashinasini tashlab ketgan. Ashiraliyev mashinani ijara sifatida qabul qilib olib, har oyda 500 dollardan to‘lab turishga va'da bergan.

Ammo Xodjayev Turkiyadaligida Ashiraliyev R. Usmonov ismli odamdan turli yo‘llar bilan pul undirib, qaytarib bera olmagan. Shundan so‘ng u Usmonovga do‘stining mashinasini garov sifatida tashlab ketgan.

Turkiyadan qaytib kelib, vaziyatni o‘rgangan Xodjayev Usmonov bilan kelishgan holda tegishli idoralarga arz qilgan. Natijada qallob jazoga tortildi.

Top