08:23 / 19.08.2015
8269

Turmush darajasi eng yuqori va eng past bo‘lgan dunyo shaharlari reytingi tuzildi

The Economist nashri turmush darajasi eng yuqori va eng past bo‘lgan dunyo shaharlari reytingini tuzib chiqdi.

Bu gal ham reytingning eng yuqori pog‘onasini 2010 yildagi (shu yili bu reyting oxirgi marta chop etilgan edi) kabi Melburn (Avstraliya) shahri egalladi. 2-o‘rinni Vena (Avstriya), 3-o‘rinni 2010 yilgacha 1-o‘rinni egallagan Vankuver (Kanada) shahri band etdi.

Yuqori o‘ntalikdan Avstraliyaning 4 shahri – Melburn, Sidney, Adelaida, Pyort, Kanadaning 3ta shahri – Vankuver, Toronto, Kalgari, hamda Avstriya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya poytaxtlari – Vena, Xelsinki va Vellington o‘rin oldi.

The Economist 2010 yildan beri turmush darajasi oshgan 10ta shahar nomini ham keltirib o‘tdi. Bunda yuqori o‘rinlarni Xarare (Zimbabve), Katmandu (Nepal, aprel oyidagi zilzilagacha bo‘lgan darajasi) va Dubay (BAA) egalladi.

Tahlilchilar, shuningdek, dunyoning turmush darajasi oxirgi 5 yil ichida eng ko‘p pasayib ketgan 10ta shahri nomini ham ma'lum qildi. Eng katta pasayishlar hozirda jangovor to‘qnashuvlar olib borilayotgan Damashq (Suriya), Kiyev (Ukraina) va Tripoli (Liviya)da qayd etilgan. Bu reytingda Moskva va Sankt-Peterburg ham bor, ular mos ravishda 7- va 10-o‘rinlarni egallagan.

Turmush darajasi eng past bo‘lgan shaharlar sirasiga (ro‘yxatning eng pastki qatorlaridan yuqoriga qarab) Damashq, Dakka (Bangladesh), Port-Morsbi (Papua-Yangi Gvineya), Lagos (Nigeriya) va Tripoli (Liviya) kiritildi.

Oxirgi 5 yil ichida turli shaharlardagi turmush darajasi 1 foizga, 75 foizgacha kamaygan. Dunyo bo‘yicha turmush barqarorligi o‘rtacha 2,2 foizga kamayib, 72,3 foizgacha tushgan. Nashr 38ta shahar oxirgi yil davomida reytingdagi o‘rnini yo‘qotgani, biroq shu bilan birga dunyo bo‘ylab 53ta shaharda yarim yil ichida ijobiy o‘zgarishlar qayd etilganini ta'kidlab o‘tdi.

Pasayish asosan fuqarolik g‘alayonlari (Gonkong, AQSh), terrorchilik (Yaqin Sharqda “IShID, Afrikada “Boko harom”) yoki mahalliy to‘qnashuvlar (Ukraina sharqidagi kabi) sababli yuz bergan.

The Economist dunyoning 140ta shaharidagi turmush darajasini 5 toifada 30ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholadi: barqarorlik, sog‘liqni saqlash tizimi, infratuzilma, madaniyat va ekologiya, ta'lim. Har bir ko‘rsatkichga 5 balli shkala bo‘yicha baho berildi. Baholar ichki tahlil va shaharlardagi respondentlar bergan baholar asosida qo‘yildi.

Top