17:51 / 19.08.2015
6377

Ukraina, Latviya va rossiyalik sayyohlar havo sharida O‘zbekiston bo‘ylab parvoz qiladi

5 oktabr kuni xalqaro ekspeditsiya a'zolari ikkita havo sharida O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga otlanadi. Bu haqda ekspeditsiya rahbari Aleksey Vozilov TASS axborot agentligiga ma'lum qilgan.

“Guruh tarkibi 8 kishi — 2 uchuvchi, 2 haydovchi va Ukraina, Latviya va rossiyalik 4 sayyohdan iborat. Osmonda 6 kun parvoz qilishni rejalashtirganmiz”, – dedi u.

“Bu barcha sayyohlar uchun birinchi shu kabi ekspeditsiya hisoblanadi. Uning qancha davom etishi ob-havoga bog‘liq, – deya qo‘shimcha qildi Vozilov. – Ob-havoga bog‘liq ravishda kuniga 10 yoki 500 kilometr masofani bosib o‘tishimiz mumkin. Umumiy yo‘lni baholash va rejalashtirish murakkab. Yo‘nalishga joylarda o‘zgartishlar kiritilishi mumkin”.

Sayyohlar 3 ming metr balandlikkacha ko‘tarilishi mumkin, yerda esa ularni ikki avtomobil kuzatib boradi. Bu nafaqat xavfsizlik, balki mashinalarda ortiqcha yuklarni qoldirish uchun ham zarur. Yuk qancha kam bo‘lsa, havo shari shunchalik balandga ko‘tariladi.

Ekspeditsiya rahbarining aytishicha, sayohat guruh a'zolariga 8 ming yevrodan tushadi.

Top