18:04 / 20.08.2015
4281

Qozog‘iston narxlarni ko‘tarib yuborayotgan biznesmenlarni jazolaydi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Oq O‘rdada asosiy eksportchi kompaniyalar rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar bermoqda.
O‘z chiqishida davlat rahbari oziq-ovqat mahsulotlari, tovar va xizmatlar narxini osmonga ko‘tarishga harakat qiladigan biznesmenlarni qattiq jazolashga va'da berdi.
“Bu juda muhim masala, – dedi u. – Biz savdo bilan shug‘ulannayotganlarni va hokimlarni ogohlantirdik. Asosiy mahsulotlar narxlari oshmasligi kerak. Qozog‘istonda ishlab chiqariladi, shu yerda sotiladi, demak, narxi ham oshmasligi kerak. Foyda ketidan quvadiganlarni tutib, qattiq jazolaymiz. Hukumat vaziyatni nazoratga oladi”.
Shuningdek, u 2014 yildan buyon dollar boshqa barcha valyutalarga nisbatan mustahkamlanib borayotganini eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, payshanba kuni Qozog‘iston bosh vaziri Karim Masimov mamlakatda yangi pul-kredit siyosati amalga oshirilishini e'lon qilib, buning asosida tanga kursining erkin shakllanishini belgilab berdi va valyuta koridorini bekor qildi. Bu bayonotdan so‘ng Qozog‘iston fond birjasida tanganing dollarga kursi keskin tushib ketib, 255-259 tangagacha bordi.

Top