02:28 / 22.08.2015
10965

Ijtimoiy aksiya "Men Seni sevaman, O‘zbekiston"

21 avgustda Toshkentdagi ”Turkiston” saroyining yozgi maydonida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilliga bag‘ishlangan “I love Uzbekistan” bayramona konserti bo‘lib o‘tdi.

VATAN!

Vatan! Qadringni-da bilgan biladi,
Kimdir suyar balki do‘konlaringni.
Avaylab ko‘zimga surgim keladi
Gullaringga qo‘shib tikonlaringni.

Vatan! Yomg‘irlaring ko‘nglimga sizar,
Ko‘nglim yor istamas, ishqing bilan band.
Ezilgan maysang ham yuragim ezar,
Tuprog‘ing nazdimda osmondan baland.

Tog‘laringga chiqib baqirgim kelar,
Qo‘shilib ketgum bor Amu, Siringga.
Boringni boringcha bir ko‘rgim kelar,
Aylanib bo‘lganman dil asiringga!

Vatan - suyukligim, borim, tayanchim,
Sen Layli, men Majnun - bo‘lak dardi yo‘q.
Poyingda jon bergum kulib turib jim,
Sen uchun ko‘ksimga sanchilsa ham o‘q.

Qismatim shu, seni tanladim atay,
Bolimdur chayoning ulashgan og‘u.
Yolg‘on ash'orlarga tobim yo‘q, netay,
Indamay sevaman, bo‘lsa aybim shu...

Vatan! Qo‘shilgandir tanam tanangga,
Qizg‘onaman, mendan yo‘qdir hasisroq.
“Versal” arzimaydi bir choyxonangga,
Eron bulbulidan qarg‘ang azizroq.

Vatan! Jonim mani, yo‘l yurib yurib,
Sarhadingdan o‘tdim, qolmadi toqat -
Hatto, ul Ka'bani aylana turib,
Sening kamolingni so‘rabman faqat.

Qadimda shoirlar ilhomdan jo‘shib,
Yor vaslin deyishgan shamsu mohdan keng,
Men-chi, yorga oyu quyoshni qo‘shib,
Bir siqim hokingga qo‘yolmayman teng.

Yuk tashla yelkamga og‘irigacha,
Vaslinga intizor man bir faqir-da.
Qonim oqsin ana oxirigacha,
Ol rang yetmay qolsa lolangga qirda!

Urilsa mabodo toshing boshimga,
Ishon, yoriq bo‘lsin, olmayman boylab.
Rahm aylasang bo‘ldi ko‘zda yoshimga,
Binafshang gulini soyabon aylab.

Vatan! Seni sevish buyuk bir baxtdir,
Suyib o‘tishardi agar bilsalar.
Bu sevgi olovi asli rohatdir,
Kuyib o‘tishardi asli bilsalar.

Vatan! Bu g‘arib bosh nelar ko‘rmadi,
Jon beray dalangda va yo qiringda.
Bitta o‘tinchim bor, sevgim hurmati,
Jasadim chirisin faqat yeringda.

Muallif: X. Hamidov

Top