20:24 / 25.08.2015
8971

Dehqonobodda dunyodagi yagona osma kanat yo‘lining qurilishi davom etmoqda

Qashqadaryo viloyatidagi «Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi» unitar korxonasida bugungi kunda 1 ming 800dan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Ayni paytda Rossiyaning «ZUMK-Injiniring» kompaniyasi bilan hamkorlikda yillik ruda qazib chiqarish quvvati 1 million 400 ming tonnaga teng tog‘-kon majmuasi hamda tashqi elektr energiya ta'minoti obektlari, oraliq masofaning uzoqligi (qariyb 30 kilometr) jihatidan dunyoda yagona, deb tan olinayotgan osma kanat yo‘lining qurilishi davom ettirilmoqda. Ushbu loyiha hayotga tatbiq etilgach, kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmi yiliga 600 ming tonnaga, ruda qazib olish hajmi esa 2 million 100 ming tonnaga yetadi.

Korxonada o‘tgan besh yil davomida jahon standarti talablariga to‘liq javob beradigan, birinchi navli 900 ming tonnadan ortiq kaliy xlorid mahsuloti ishlab chiqarildi, uning 600 ming tonnaga yaqini xorijga eksport qilindi. Ayni paytda bu turdagi mahsulotlar Xitoy, Malayziya, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, Vetnam, Armaniston, Moldova, Turkiya, Angola, Ukraina va boshqa qator davlatlarga eksport qilinmoqda.

Tog‘-kon majmuasi shaxtasida ruda qazib chiqarish avvallari xorijlik mutaxassislar ko‘magida bajarilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan bu ish to‘liq mahalliy xodimlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Joriy yilning yanvar iyul oylarida mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan bajarildi. Ishlab chiqarish jarayonida chiqadigan chiqindi qayta ishlanib, texnik maqsadlarda foydalaniladigan tuz olish yo‘lga qo‘yildi.

Korxonada ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish yo‘lidagi izlanishlar davom ettirilmoqda. Kelgusida yillik quvvati 10 ming tonna bo‘lgan gidrookis kaliy ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Top