19:05 / 25.08.2015
2530

O‘zbekistonda 4344 yo‘lovchi tashish yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda

21 avgust kuni O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan mustaqillik yillarida sohada erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining axborot-tahlil bo‘limi bosh mutaxassisi Abdujalil Shokirovning ta'kidlashicha, bugungi kunda yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan avtokorxonalar soni qariyb besh mingtaga yetgan. Taqqoslash uchun 1990 yilda ular atigi 265tani tashkil etgan. Shuningdek, mustaqillik yillarida yuk aylanmasi hajmi 5,3 barobar oshdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda 4344, jumladan, 1013 shahar, 2691 shahar atrofi va 640 shaharlararo yo‘lovchi tashish yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Aholiga xizmat ko‘rsatadigan transport vositalarini yangilash bo‘yicha doimiy ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning birinchi yarmida tashuvchilar tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan “Isuzu” rusumli 175 avtobus lizing asosida va bank kreditlari evaziga xarid qilindi. Bundan tashqari, tijorat maqsadida 247 yuk avtomobili, 62 mikroavtobus va 322 yengil avtomobil sotib olindi. Joriy yilning birinchi yarmida avtotransport tarmog‘iga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 77,6 milliard so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekiston avtotashuvchilari xorijiy davlatlar hududlari bo‘ylab tashishlarni amalga oshirishi, shuningdek, ular uchun huquqiy asos yaratish maqsadida O‘zbekiston avtomobilda tashishlar sohasidagi 9 xalqaro konvensiyaga qo‘shildi va ikkita xalqaro bitimni imzoladi. Buning samarasida 320dan ortiq tashuvchi xalqaro tashishlarni amalga oshirish huquqini beradigan tegishli litsenziyaga ega bo‘ldi.

Agentlik avtomobil transporti bozorida bozor munosabatlari va raqobat muhitini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish bilan bir qatorda, shahar, shahar atrofi, shaharlararo va viloyatlararo yo‘lovchi yo‘nalishlarini taqsimlash bo‘yicha ochiq tenderlarni muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda.

Top