16:41 / 26.08.2015
2300

Amerikalik erkak Facebook’da 27 mln spam yuborganini tan oldi

Amerikalik 47 yoshli Senford Uolles 2008-2009 yillarda Facebook’ning 500 ming foydalanuvchisining akkauntlariga kirib olib, ular orqali 27 mln spam xabarlar yuborganini tan oldi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.

Birovlarning akkauntlaridan u turli saytlarga yo‘llanmalarni spam tarzida yuborgan. Ushbu saytlar, o‘z navbatida, tashrifchilar sonining oshishi evaziga Uollesga pul to‘lagan.
Facebook’ning “spam qiroli” nomini olgan Uollesga qarshi da'vosi 2009 yildan buyon ko‘rib chiqilmoqda. Kompaniya ayblanuvchidan moddiy zararni qoplash uchun 711 mln dollar undirib berishni talab qilmoqda.

2009 yil oktabrida sud Facebook foydasiga hukm chiqardi, lekin o‘sha yilning iyulidayoq Uolles o‘zini bankrot deb e'lon qildi.
2011 yilda FRB Uollesni qalloblikda va shaxsiy ma'lumotlarga daxl qilishda aybladi. Ikki yil davom etgan tergov va surishtiruv jarayonida “spam qiroli” aybini inkor qilib keldi. Ammo yaqinda u 27 mln spam yo‘llaganini axiyri tan oldi.

Endilikda Uolles 250 ming dollar jarimaga tortilishi va 3 yilga qamalishi mumkin.
Yakuniy hukm 7 dekabr kuni o‘qiladi.

Top