12:41 / 26.08.2015
2275

"Barselona" Yarmolenkoni 20 mln yevro evaziga xarid qilmoqchi

"Barselona" jamoasi Kiyevning "Dinamo" jamoasi futbolchisi Andrey Yarmolenkoni yozgi transferlar vaqtidayoq xarid qilmoqchi.

Sport.es nashrida yozilishicha, kataloniyaliklar klubi ushbu 25 yoshli yarimhimoyachi uchun 20 mln yevro taklif qilishmoqchi va uni mavsum so‘ngiga qadar "Dinamo"da ijara asosida qoldirishmoqchi.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, "Barselona" bu mablag‘ni 3ga bo‘lgan holda to‘lashni rejalashtirgan. Ilk transh sifatida 5 mln yevro avgust oyining o‘zidayoq berilishi, 2016 yilning yanvar oyida yana 5 mln yevro berilishi ko‘zda tutilgan. Mavsum oxirida esa oxirgi transh - 10 mln yevro yuboriladi va futbolchining transferi bo‘yicha ishlar tugallanadi.

Qayd etilishicha, kiyevliklar ushbu futbolchining mavsum so‘ngiga qadar ijara asosida o‘zlarida qoldirilishini so‘rashgan. Jamoa YeChLga yo‘llanma ola bilsa, Yarmolenkoning xizmatlaridan foydalanmoqchi.

Ma'lumot uchun, Yarmolenkoning "Dinamo" bilan shartnomasi 2016 yilning yoziga qadar tuzilgan, uning transfer summasi 24,5 mln yevro sifatida belgilangan.

Biroz oldinroq, futbolchi "Arsenal"dan bo‘lgan taklifni rad etgan, "Barselona"da o‘ynash orzusida ekanini aytgandi.

25 avgust kuni "Barselona" Yarmolenkoni Pedroga o‘rinbosar sifatida xarid qilishni rejalashtirgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Top