19:30 / 26.08.2015
2845

Universal Pictures xorijiy kassa yig‘imlari bo‘yicha Hollivud rekordini o‘rnatdi

Universal Pictures kinokompaniyasi xorijiy kassa yig‘imlari bo‘yicha Hollivud rekordini o‘rnatdi. Aytilishicha, u joriy yilda yangi filmlar namoyishidan 3.78 mlrd dollar ishlagan. Ilgarigi rekord (3.73 mlrd dollar) bir yilcha oldin 20th Century Fox kompaniyasi tomonidan qayd qilingan edi.

Kompaniyaning bu yutug‘ini asosan ikkita kinoloyiha ta'minlab berdi – “Forsaj-7” va “Yura davri bog‘i”. Variety jurnalining yozishicha, ushbu kartinalar xalqaro bozorlarda 1.2 mlrd va 983 mln dollar ishlagan.

Ulardan keyingi o‘rinlarda “Minonlar” (670.2 mln dollar) va “Kulrangning ellik tusi” (404.1 mln dollar) filmlari turibdi.

“Joriy yilning yana to‘rt oyi davomida rekord yanada kattarishi mumkin”, - ta'kidladi kinokompaniya vakili.

2015 yil oxiriga qadar katta ekranlarga Anjyelina Joli rejissyorligida Bred Pitt bosh rolni ijro etgan “Dengiz oldida”, Denni Boylning “Stiv Jobs” (bosh rolda – Maykl Fassbender) va islandiyalik rejissyor Baltazar Kormakurning “Everest” filmlari chiqadi. Bundan tashqari, Gilermo del Toroning “Ol rang cho‘qqi” xorrori, Nayt Shyamalanning “Tashrif” trilleri va Maykl Dogertining “Krampus” xorror komediyasi taqdim etilishi kutilmoqda.

Top