08:09 / 27.08.2015
3344

Germaniyalik pensioner chiqindilar orasidan topib olgan 12 ming yevro pulni politsiyaga topshirdi

Germaniyaning Vuppertal shahrida yashovchi 87 yoshli nochor pensioner bir zumda boyib ketishi mumkin edi, biroq uning vijdoni va tarbiyasi bunga yo‘l bermadi.

Ismi oshkor etilmagan qariya chiqindixonadan bo‘sh shisha idishlar axtarib yurganda 12 ming yevro topib olgan. Qariya bu pullarni o‘ziga olib qolsa ham bo‘lardi, biroq u bunday qilmadi, deb ma'lum qilmoqda Bild nashri. 

Vuppertal politsiyasi vakillari politsiya bo‘limida uvadasi chiqqan kiyimda bir pensioner paydo bo‘lib, ularga pullar solingan uchta konvertni topshirganda karaxt holga tushib qolishdi. Pensionerning aytishicha, u pullarni shahardagi chiqindi konteynerlaridan biridan topib olgan va uni politsiyaga topshirishga qaror qilgan.

Ayni paytda politsiya pullar qanday qilib ahlat idishiga tushib qolganini aniqlashtirmoqda.

Bunday holatlar hayotda uncha ko‘p bo‘lmasa ham uchrab turadi. Misol uchun, Moskvada bir boshpanasiz kishi hamyon topib olib, uni egasiga qaytarib bergani, AQShning Kanzas-Siti shahrida boshqa bir boshpanasiz yo‘lda tushirib qo‘yilgan qimmatbaho taqinchoqni uning egasiga qaytarib bergani ma'lum qilingan edi.

Top