08:46 / 27.08.2015
3914

O‘zbekistonda ehtiyojlarni baholashning Bartel va Lauton shkalasiga asoslangan usullari joriy qilinadi

O‘zbekistonda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida chetdan parvarishlash paytida ehtiyojlarni baholashning Bartel va Lauton shkalasiga asoslangan zamonaviy usullari joriy qilinadi. Bu haqda 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 avgust kuni «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida «Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qilgan edi.

Unga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida chetdan parvarishlash paytida ehtiyojlarni baholashning Bartel va Lauton shkalasiga asoslangan zamonaviy usullari joriy qilinadi. Ya'ni, shu vaqtga qadar parvarishlovchi ijtimoiy soha xodimlari barcha chetdan parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlarning uyiga (ayni paytda bunday kishilar soni 17 mingdan ko‘proq) nogironligi, kasalligi va ehtiyojlarini hisobga olmay turib, haftasiga ikki marta kelib ketar edi. 2016 yil yanvardan boshlab esa, parvarish qiluvchi xodimlarning miqdori va kelib-ketish vaqti davomiyligi xalqaro Bartel va Lauton shkalasidan kelib chiqib belgilanadi hamda ayrim ehtiyojmandlardan haftasiga yetti kun xabar olib turiladi.

Shkalalar bo‘yicha chetdan parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlarning hayot tarzi, harakatlanishi, ovqatlanishi, faolligi singari holatlari maxsus xalqaro jadval asosida baholab chiqiladi va shunga binoan ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi.

Ushbu shkalalar kam vaqt sarflanishi va yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi.

E'tiborlisi, Aholi bandligiga ko‘maklashish va ijtimoiy himoya markazlari faoliyatiga zamonaviy ilg‘or texnologiyalar joriy etilayotgani sababli parvarish bilan band ijtimoiy soha xodimlari soni oshib ketmasdan, ularning xizmat ko‘rsatish sifati ortadi.

Top