17:28 / 27.08.2015
9551

Polshaliklar Ikkinchi jahon urushi davri natsistlariga tegishli oltinlar ortilgan poyezdni topishdi

Polshaning Valbjixa shahri hukumati shahar atrofidagi hududdan Ikkinchi jahon urushi davriga oid poyezd topilgani, bu poyezdda Uchinchi reyx harbiylariga tegishli bo‘lgan oltinlar borligi haqida ma'lum qildi.

The Independent nashrida yozilishicha, shahar hokimiyatiga advokatlardan biri murojaat qilib, o‘z mijozlari bu poyezdni aniqlashgani haqida aytgan.

"Rasman tasdiqlayman, shahrimiz hududidan shunday poyezd topildi", deydi shahar meri o‘rinbosari Zigmunt Novachek.
Qayd etilishicha, bu poyezd Ikkinchi jahon urushi oxirida Vrotslav shahridan Valbjixa shahriga yo‘l olgach, yo‘qolib qolgan.

Bu haqda ma'lum qilgan advokatning aytishicha, poyezd joylashgan o‘rinni aniqlagan mijozlariga poyezddagi boyliklardan 10 foizi ulush sifatida berilishi kerak.

Ma'lum bo‘lishicha, Valbjixa shahri atrofida nemis fashistlari tomonidan qurilgan yerosti tunneli mavjud bo‘lib, xalq orasida ham yo‘qolib qolgan poyezd haqida afsonalar yurgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniya Polshani bosib olgach, bu mamlakatdan va xalqdan jami 550 mln dollar miqdoridagi oltinlarni tovon sifatida olib ketgan.

Ikkinchi jahon urushi yakunlangach esa, ittifoqchi qo‘shinlar bu boyliklarning asosiy qismini qaytarishgan, bir qismi esa xalqaro banklar orqali bir qancha shaxs tomonidan o‘zlashtirilgan.

Top