Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Ravshan ismli tojikistonlik mikroavtobus haydovchisi nafaqaxo'r er-xotin unutib qoldirgan 850 ming rublni o'z egalariga qaytardi. Bu haqda Ye1.ru sayti xabar berdi.

O'tgan yakshanba, 23 avgust kuni shahar bo'ylab qatnovchi 81-raqamli mikroavtobus haydovchisi, 47 yoshli tojikistonlik Ravshan o'z halolligini namoyish qildi, deyiladi xabarda.

Sayt xodimlari bir necha marotaba uringanidan so'ng Ravshandan intervyu olishga muvaffaq bo'lishdi.

“Har kuni kechqurun ish tugagach, salonni tekshirib chiqaman, – deya gap boshlaydi Ravshan. – Yakshanba kuni o'rindiqlar ostidagi odatda noutbuklar solib yuriladigan charm sumkaga ko'zim tushdi. Uning ichida kiyim bilan birga, erkak kishining ism-familiyasi va manzili yozilgan konvert hamda 852 ming rubl pul chiqdi. Keyingi kuni kechqurun ko'rsatilgan manzilga borib, pulni egalariga topshirdim.”